Oʻylanaman, nega oʻyin sanoati shu darajada rivojlandiyu, maktablar ortda qolib ketdi?
Oʻquvchilarga qoʻyib bersangiz — bir umr telefon oʻynasa.
Bu oʻlgur telefonni shayton chiqargan deb, vaziyatga oson yechim topamiz.
Ammo bizga oddiy koʻringan virtual oʻyinlar ortida — katta ilm yotadi.
Keling, bugungi kunda maktablarimizda mavjud boʻlmagan, ammo video-oʻyin sanoati mutaxassislari foydalanadigan 5 uslubni koʻrib chiqamiz:
1. Video-oʻyinda aniq maqsad bor. Bolalar nima vazifa bajarishni, qayerda nima qilish kerakligini, vazifani aʼlo darajada bajarsa uni qanday mukofot kutib turganini aniq biladi.
2. Qiyin ham emas, oson ham. Virtual oʻyinlar shunday mohirlik bilan tuziladiki: bolani kayfiyatini choʻktiradigan — qiyin ham, uni zeriktiradigan — oson ham emas.
3. Oʻyinlarda bolaning har bir harakati uchun shu zahotiyoq aniq izoh beriladi. Oʻyinchi yaxshi harakat qilsa unga darrov imtiyoz, aksincha, sekinlashsa — sustlashgani koʻrsatilib turiladi.
4. Xatolar jazolanmaydi. Bolalar million martalab magʻlub boʻlsada, yana oʻyin oʻynashni istashini koʻrib, hayratlanasiz.
Sababi — oʻyinning ichki muhiti xatoni normal qabul qilishga oʻrgatadi. Ishtirokchi oʻyinda oʻldimi — darrov yangi jon beriladi, bola tahqirlanmaydi, hammani oldida yerga urilmaydi..
Xatolar = yangi imkoniyatga = imkoniyatlar koʻproq harakatga = harakatlar esa gʻalabaga sababchi boʻladi.
Gʻalaba = mukofotga = mukofot qiziqishga = qiziqish esa qaramlikka olib boradi.
5. Mustaqillik. Video-oʻyinlar bolaning mustaqil chiqargan qarorlarini qoʻllab-quvvatlaydi, mukofotlaydi. Bola oʻzini erkin his qiladi. Oilada, maktabda koʻrmagan izzat-ikromini virtual olamdan oladi.
Yuqoridagi hiylalar — bolani «Flow» holatiga tushiradi. Yaʼni diqqatini shu darajada tortadiki — bola dunyodan uzilib, oʻyin ichiga kirib ketadi.
Xulosa
Telefon oʻlgur yoshlarni buzyapti emas — biz oʻqituvchilar oʻyin-yaratuvchi muhandislardan ortda qolib ketdik.
Muallif: Mohir Mirzaxmedov