Intizom bilan ishlashdagi asosiy shart — darsdan maksimal chalgʻimaslik va vaqtni minimal yoʻqotish.

Chunki intizom koʻpincha uzun nutqlar bilan emas, dars tempini saqlash va nazoratni toʻgʻri tashkil qilish bilan taʼminlanadi.

Demak, sinfda diqqat chalgʻidi, tartib buzildi yoki shovqin paydo boʻldi, deylik:

1) Imo-ishora va koʻz qarash bilan boshqaramiz

Ovozni oshirmaymiz va koʻp gapga kirishmaymiz. Avval koʻz bilan signal beramiz. Zarur boʻlsa, oʻquvchi yoniga boshqalarga bildirmay kelib, past ovozda qisqa talab qoʻyamiz:

“Toʻxtat.” / “Diqqat bu yerda.” / “Ishni davom et.”

Koʻp gapirish koʻpincha asabiylik yoki nazoratning pasayganini koʻrsatib qoʻyadi.

2) “Tiyilish”ni emas, “kerakli harakat”ni belgilaymiz

Taqiqlarni sanamaymiz. Oʻquvchiga nima qilish kerakligini aniq aytamiz.

“Boshqalar gapini boʻlmaymiz” oʻrniga — “Bir-birimizni diqqat bilan tinglaymiz.”

“Oʻtirgan joydan baqirmaymiz” oʻrniga — “Qoʻl koʻtarib javob beramiz.”

Oʻquvchi uchun “nima mumkin emas”dan koʻra “nima qilish kerak” tushunarliroq va amaliyroq koʻrsatmadir.

3) Anonim korrektsiyadan foydalanamiz

Shaxsga oʻtishdan saqlanamiz. Muammoni butun sinfga qaratilgan qisqa eslatma orqali toʻgʻrilaymiz.

“Falonchi, nima qilib oʻtiribsan?” oʻrniga — “Topshiriqni hamma bajarayotgani yoʻq.”

“Pistonchi, gapni yigʻishtir!” oʻrniga — “Ikki kishi sinfga halaqit berayapti.”

Bu usul oʻquvchini oʻziga qarshi qoʻymaydi, qarshilikni kuchaytirmaydi va darsni saqlab qoladi.

4) Minnatdorchilik orqali toʻgʻri xulqni mustahkamlaymiz

Intizom faqat tanbeh orqali emas, toʻgʻri harakatni belgillash orqali ham tarbiyalanadi.

“Nargiza, topshiriqqa darrov kirishganing uchun rahmat.”

“Davron, chalgʻimay ishlayotganing uchun minnatdorman.”

Bunday qisqa eʼtirof sinfda toʻgʻri xulqni “meʼyor” sifatida mustahkamlaydi.

5) Jazo kerak boʻlsa — hissiyotsiz va darsni buzmay amalga oshiramiz

Jazo beriladigan holatda tortishuvga kirishmaymiz. Ovozni koʻtarmaymiz. Qatʼiy, qisqa va aniq harakat qilamiz.

“Hozircha sinfdan chiqib turasan. Darsdan keyin gaplashamiz.”

“Oxirgi partaga oʻtirasan va nega darsni buzayotganingni yozib berasan. Keyin oʻqiyman.”

Asosiy maqsad — oʻquvchini “qiynash” emas, dars jarayonini barqaror saqlab qolish.

6) Sinfda doimiy nazorat (“radar”) holatini saqlaymiz

Sinfxona — oʻqituvchining ish hududi. Oʻquvchilar darsda nazorat borligini his qilib turishi kerak.

Shuning uchun:

• har bir necha daqiqada butun sinfga qisqa nigoh tashlaymiz;

• gapirishdan oldin pauza qilib, sinfni umumiy koʻzdan kechiramiz;

• koʻrayotgan holatimizni qisqa va betaraf izohlaymiz:

“Akrom, chalgʻiganda xato koʻpayadi.”

“Bekzod, oʻylanib qolding, tushunarsiz boʻlsa soʻragin.”

“Raʼno Sevara bilan ishlayapti — qarshiligim yoʻq.”

Bu sinfda “oʻqituvchi vaziyatni koʻrib turibdi” degan fikrni mustahkamlaydi.

7) Abstrakt emas, konkret talab qoʻyamiz

Umumiy chaqiriqlar samara bermaydi. Aniq harakat talab qilamiz:

“Diqqat qilamiz” oʻrniga — “Hamma doskaga qarasin.”

“Darsga eʼtiborliroq boʻlamiz” oʻrniga — “Ruchkalarni qoʻying va hozirgi tushuntirishga diqqat qarating.”

“Ustoz kundaligi kanalidan koʻproq ustozlar siz sabab manfaat olsin”.

Oʻrniga:

“Hoziroq ushbu postni maktabingiz oʻqituvchilari guruhiga ulashing”.)

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)