Yosh oʻqituvchilar sinfda diqqatni ushlab turish va intizomni saqlashda koʻpincha qiynaladilar.

Shu sababli, quyida dars jarayonida darhol qoʻllash mumkin boʻlgan amaliy usullarni jamladik.

Eng avvalo, oʻquvchilar diqqatini maqsad deb emas, vosita deb tushunish kerak.

Maqsad esa aniq: bilim berish, koʻnikma va sifatlarni rivojlantirish, umumiy ijobiy oʻzgarishlarga yetaklash. Shu yoʻlda eng muhim resurs — diqqat.

Demak, sinfda diqqat chalgʻishi yoki intizom buzilishi alomatlari kuzatildi, deylik:

1) Oʻquvchilar bilan bir vaqtda gapirmaymiz

Oʻquvchilar bilan bir vaqtda gapirmaymiz, toʻliq jimlikni kutib, soʻzimizning qadri borligini koʻrsatamiz va turgan joyimizni oʻzgartirmay juda qisqa soʻzda diqqatni oʻzimizga qaratib koʻramiz.

Koʻp soʻzlash oʻziga ishonchsizlik, asabiylikni koʻrsatib qoʻyadi – “Oʻquvchilarimni yoʻqotayapman”, “Fikrimizni jamlaymiz”, “Men shu yerdaman”, “Darsdamizmi?”

2) “Bosqichma-bosqich toʻxtash” usulini qoʻllaymiz

Masalan, “Bolalar, doskada yozilgan mavzuni daftarga yozing” demoqchimiz:

“Bolalar, doskada yozilgan mavzu...” deymiz.

Eʼtibor tiklanmasa: “Bolalar, doskada yozi...”

Keyin: “Bolalar, doska...”

Soʻng: “Bola...” kabi qisqartirib boramiz.

3) Bekorchi dialogga kirishib ketmaymiz

Masalan, “Anvar, stulni argʻimchoqday liqillatib, orqada Azizaga halaqit berayapsan”, degan eʼtirozga “Uning oʻzi menga necha marta gap tashadi” deb javob olsak, “Aziza, shu rostmi, shunday qilayapsanmi?” kabi savollar bilan bahsga tortilib ketishdan saqlanish va “Anvar, iltimos darhol bu ishni toʻxtat” talabini qaytaramiz

4) Ovozni balandlamaymiz, aksincha pasaytiramiz

Tartibsizlikda ovozni balandlamaymiz, aksincha, biroz pasaytirib, aybdorlar roʻparasida, koʻziga tik boqib, qaddimizni ular tomon xiyol bukib, qoʻlimizni ortda ushlab, qatʼiy ekanimizni koʻrsatamiz.

Qandaydir boshqa ishlarga chalgʻib, masalan, ish stolida nimanidir qidirib, sinf jurnalini varaqlab, talab qoʻyib boʻlmaydi, bu holat aytilayotgan gaplar unchalik muhim emasdek taassurot uygʻotadi.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)