Loyiq boʻlmasamda 10 dan ortiq qori bolalarga dars berishga Alloh meni muvaffaq qilgan.

Boshqa oʻquvchilarga solishtirgan holda ularda quyidagi oʻzgacha xislatlarni koʻrganman:

1. Diqqat. Qorilarda chalgʻib ketish, diqqatini bir joyda ushlolmaslik muammosini deyarli koʻrmaganman.

2. Hurmat. Qurʼonni yod olgan qorilar — ustozni shu darajada hurmat qiladiki, oʻzingizni katta ulamo kabi his qilasiz.

3. Zehn. Aksariyatining qabul qilish darajasi oʻta yuqori. Gapirgan gapingizni darrov «shimib» oladi.

Diqqati va zehni kuchliligidan — har qanday ilmni tez muddatda oʻrganib olishi mumkin.

4. Kamtarlik. Boshqa talabalarga nisbatan magʻrurlanishga loyiqroq boʻlsada, qorilar ustozga va ilmga nisbatan xokisor boʻladi.

5. Tetiklik. Qori oʻquvchilarimda dars vaqtida — esnash, uyqusirash holatlariga juda kam guvohi boʻlganman.

Ertalablari hamma uyquga toʻymay «qiyshayib» yurganida, qorilar yaxshi kayfiyatda boʻladi.

6. Til bilish. Koʻp uchratgan qorilarim — eng kamida 3 ta til bilishi bilan meni lol qoldirgan.

7. Zamonaviylik. Qurʼonni yod olgan oʻquvchilar negadir oʻzgalarga qaraganda — dunyoqarashi keng, zamon bilan hamnafasroq.

Albatta, ojiz inson kamchiliksiz boʻlmaydi. Bu kaminaning shaxsiy solishtiruvi edi.

Xulosam

Qorilarni zamondan orqada qolgan, qotib qolgan deb hisoblaydiganlar damini olsin!