Prokrastinatsiya — dangasalik emas, kishiga ogʻriq beradigan — yoqimsiz hissiyotdan qochish.
Masalan: imtihonga tayyorlanishingiz kerak, ammo vazifalar koʻp va qiyinligini oʻylash sizga ogʻriq beradi.
Shu vaziyatda oʻzingizni telefon oʻynash, televizor koʻrish kabi mashgʻulotlar bilan chalgʻitib, dars qilishni unutishingiz prokrastinatsiya qilish hisoblanadi.
Qisman prokrastinatsiya qiluvchilar kreativroq boʻlishini yozib oʻtdim. Ammo umumiy olganda prokrastinatsiya insonga katta zarar olib keladi.
Eng qizigʻi, prokrastinatsiya asosan tugʻma zehni kuchli bolalarda uchraydi.
Chunki ular yoshligida uyga vazifalarni darsga besh daqiqa qolganida bajarib, doimo "suvdan quruq chiqish" ga odatlanib qolgan boʻladi.
Achinarlisi, bu bolalar yuqori sinflarga oʻtganlarida darslarni oʻzlashtirolmay ortda qolishni boshlashadi. Afsuski, bu vaqtda ularni prokrastinatsiyadan davolash ham murakkablashadi.
Prokrastinatorlardagi eng katta muammo — mavzuni tushunmay qolish.
Sababi, talaba mavzuni yaxshi tushunishi uchun kecha yozganimdek "deep and diffuse", "chuqur va sayoz" fikrlash bosqichidan oʻtishi kerak.
Yaʼni oʻzini qiynab oʻqish va yetarlicha dam olish holatida miya ilmni «hazm» qiladi.
Oxiriga taqab oʻqigan talabaning miyasi esa mavzuni yaxshi anglay olmay qoladi.
Oʻquvchilardagi prokrastinatsiyani qanday yechsak boʻladi?
1. Talabalar bilan "pomidor usulidan" foydalaning.
2. "To-do list" — "bajardim-bajarishim kerak" roʻyxat tuzdiring. Bajarib kelgan vazifalariga «✅» belgisini qoʻying. Talaba yuki kamayayotganini xis qilib, ishni tezroq yakunlashga motivatsiya oladi.
3. Tartibsizliklarni yoʻqotishga yordamlashing. Talaba oʻquv qurollari va buyumlari tartibsizlangan holatda prokrastinatsiya qilishga moyil boʻladi.
4, Tekshirib boring. Birdaniga katta vazifa bermasdan — ularni boʻlaklarga boʻling. Keyin esa kunlik sarhisob qilib boring.