Bola bilan moloqot qilish sanʼatidan-da murakkab sanʼat yoʻqdir”, deb yozgandi mashhur polshalik pediatr va pedagog Yanush Korchak.

Bolalar bilan kattalarning muloqoti va munosabati, ayniqsa, bolalar oʻsmirlik yoshiga yetganda oʻta murakkablashadi, muloqotning nozik qirralari koʻpayadi.

Oʻsmirlik davrini inqirozli davrga aylantirib koʻyadigan sabablar juda koʻp (bolalarning jinsiy yetilishi, ularda kattalik hissining paydo boʻlishi va rivojlanishi, mustaqillikka boʻlgan ehtiyojning kuchayishi va h.).

Ammo oʻsmir oʻquvchisi “tilini topa olmayotgan”, u bilan psixologik aloqa oʻrnatishga qiynalayotgan har bir ustozni undagi oʻzgarishlar sabablaridan koʻra shunday vaziyatlarda nima qilish mumkinligi koʻproq qiziqtiradi.

Zamonaviy yosh davrlari psixologiyasida shunga oid tavsiyalar eʼtiborimizni tortdi va ularning ikkitasi bilan oʻrtoqlashishni istadik:

1. Bola xulq-atvori, faoliyatiga munosabatni “Sen-xabar” uslubida emas, “Men-xabar” uslubida bildirish:

• “Sen koʻp dars qoldirayapsan” oʻrniga “Koʻp dars qoldirayotganing meni tashvishga qoʻymoqda”;

• “Sen nega vaʼdangi hech qachon bajarmaysan?” oʻrniga “Vaʼdani har safar buzishing menda ishonchni kamaytirmoqda”;

• “Sen shuncha tushuntirsam ham, hech tushunmayapsan” oʻrniga “Shuncha tushuntirganimdan keyin ham tushunmayotganing meni hayron qoldirmoqda”;

• “Sen tushunmaganingni nega soʻramaysan” oʻrniga “Tushunmaganingni mendan soʻrashing mumkinligini unutma”.

Bunday yondashuv bolaga boʻlgan hurmat va ishonchni namoyon etadi, oʻrtadagi qarama-qarshilikni anchagina susaytiradi.

2. Bolaning qandaydir fikrini maʼqullash uchun shunchaki “ha” yoki “mayli” deb aytishdan koʻra quyidagi turdagi mulohazalardan foydalangani maqbulroq hisoblanadi:

• “Agar yaxshilab oʻylab koʻrib, shunday qilishni afzal bilsang...”;

• “Demak, shu nazaringda eng toʻgʻri yoʻl boʻlsa...”;

• “Ijobiy natijaga koʻzing yetayotgan boʻlsa...”;

• “Shunchalik mustaqil qaror qabul qilganing yaxshi albatta, ...”;

• “Bu ancha masʼuliyatli qadamligini bilayotganinga ishonganim uchun...”.

Zotan, bu bolaga mustaqil shaxs sifatida ishonayotganlikni, uning shaxsiy mustaqilligi maʼlum darajada tan olinayotganini koʻrsatadi.

Bir soʻz bilan aytganda, oʻsmir bola bilan muloqotda ustozdan haqiqiy ijodkorlik, egiluvchan munosabat, togʻdek bardosh talab qilinadi.

Mana shu hislatlar tugab borayotganda, chidashga boshqa majol qolmayotganday boʻlib tuyila boshlaganda, ustoz oʻsmir bolalar oʻz kundaliklari va insholarida koʻpincha “baxt – bu seni kimdir tushunishi” deb yozishlarini eslasinlar.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)