Bugun “taʼlimda innovatsion yondashuv”, “zamonaviy taʼlim texnologiyalari” shiorlari fonida pedagogikaning ikkinchi ulkan missiyasi — tarbiya masalasi qandaydir orqa fonda qolib ketayotganday.
Vaholanki, odam bolasining insoniy qiyofasi shakllanishida ota-onadan keyin ustozning ham ulkan oʻrni borligini bot-bot takrorlashni bilamiz.
Muhammad Sodiq Qoshgʻariyning “Odob as-solihin” asarini Sharqona tarbiya qomusi, deyish mumkin.
Asarning “Kasal koʻrish, taʼziya, ahli musibat bayoni” da birinchi qoida — kasalning ogʻir-yengilligi, turidan qatʼiy nazar hol soʻrash kerak deyilsa, ikkinchisi qoida — “Kasal garchi kofir boʻlsa ham hol soʻrash joizdir”.
Xoʻsh, odam bolasi oʻz-oʻzidan shunday bagʻrikeng yoki zamonaviy tilda aytganda tolerant boʻlib qolmasa kerak?
Ustoz ham bu sifat tarbiyasiga ozmi-koʻpmi hissa qoʻsha oladimi?
Ilmiy asarlar tahlili va hayotiy kuzatuvlar asosida ustozga bu yoʻnalishdagi tarbiyaviy ishlar uchun shunday sxemani taklif etish mumkin:
A. Oʻquvchi eʼtiborini olamdagi xilma xillikka qaratish:
Aqliy hujum: oʻquvchilarga biror narsa-buyumning imkon qadar koʻproq turlari, navlarini aytishni taklif qilish.
Masalan, mavzu “Non” – qora non, oq non, baton, patir, kulcha, kepakli non va h. (albatta, katta sinflarda, qandaydir “jiddiyroq” narsa-buyumlarni – avtomobil, uyali aloqa vositasi va h. larni misol qilish mumkin).
B. Oʻquvchini xilma xillikning sababi haqida oʻylab koʻrishga undash:
Aqliy hujum: agar avvalgi muhokamada aytilgan narsa-buyumlar dunyoda faqat yagona turda boʻlib qolsa, bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini soʻrash (masalan, faqat qora rangli mashinalar ishlab chiqarilganda yoki faqat komediya kinolar yaratilganda va h.).
V. Xilma xillikning sababini odamlarga bogʻlab tushuntirish:
Aqliy hujum: oʻquvchilarni avvalgi (B) bosqichda aytilgan qaysi oqibat qanday guruh odamlariga noqulaychilik tugʻdirishi mumkinligi haqida oʻylab koʻrishga undash (masalan, dunyoda faqat ixcham va raqamlari mayda tugmali uyali aloqa vositalari boʻlganda, keksalar qiyinalishi mumkinligi, olamda faqat bogʻichli oyoq kiyim qolsa, kichik bolalarga qiyin boʻlishi ehtimoli va h.).
Xulosa bosqichi:
a) demak, dunyodagi xilma-xillik zaminida shunchaki kimningdir orzu-havasi emas, balki odamlarning yosh va jinsga, dunyoqarashi va eʼtiqod, qiziqishlari va feʼl-atvor boʻyicha har xilligi ekani turibdi;
b) demak, aziz oʻquvchim, hamisha atrofingdagi olam turfa odamlardan tashkil topishini tabiiy qabul qilishga oʻrgan, ularning har biri bu olamga oʻzidan nimadir qoʻshayotganini angla va aynan shunday hissasimiz bilan har birimiz dunyoni boytib turganimizni his qilgin!
P.S: Albatta, tarbiyaga avvalo ota-ona masʼul, ammo oilaning tarbiyada ustunligi bolaga yakka yondashish imkoniyati koʻpligida boʻlsa, oʻqituvchining ustunligi bu ishni mutaxassis sifatida zargarona qila olishida ekanini yoddan koʻtarmagan maʼqul.
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)