Shalva Amonashvillidan ikki saboq

Aytishlaricha, Isaak Nyutondan soʻrashibdi:

“Siz katta ixtirolar qilgansiz, bunga qanday erishdingiz?”.

Nyuton javob beribdi ekan:

“Balki men shunchaki, oʻzimdan oldin oʻtgan salaflar yelkasiga chiqib qaraganim uchun biroz uzoqroqni koʻra olgandirman?!”.

Pedagogika ilmi va amaliyotida shunday “yelkasiga chiqib” uzoqlarni koʻzlashga arziydigan odamlar biri – Shalva Amonashvilli.

Quyida ustoz tajribasidan “bir shingil” taʼtib koʻrishga taklif etmoqchimiz.

Faqat bu usullar mutlaqo hamma vaziyatda birdek ish berishiga daʼvo qilmaymiz, albatta.

Ehtimol, koʻproq kichik sinflarga mosdir, balki aynan qaysidir oʻquvchi bilan ishlashda koʻproq samar berar...

Asosiysi jahon pedagogikasida shunday yondashuvlar ham borligiga eʼtiboringizni qaratsak, degandik...

Demak, Shalva Amonashvilli ijodidan ikki layfxak:

1. Qizil ruchkadan voz kechgan ustoz.

Kunlardan birida ustoz tekshirilgan daftarlarni qaytarar ekan, bir oʻquvchi qiz xoʻng-xoʻng yigʻlashiga duch keladi, oʻquvchi “hamma joy qip-qizil boʻlib ketibdi-ya”, deb yigʻlaydi.

Shu voqea sabab ustoz boshqa qizil ruchka ishlatmaslikka qaror qiladi.

Oʻrniga nimadan foydalaniladi?

Yashil ruchkadan!

Aslida gap rangda emas, qizil ruchka bilan oʻquvchining xato-kamchiliklarini belgilashdan koʻra, yashil ruchka bilan ishdagi ijobiy jihatlar (masalan, qaysidir murakkab soʻz toʻgʻri yozilgani, gapning egasi xato belgilangan boʻlsa ham, kesimi toʻgʻri aniqlangani, arifmetik amallar ketma ketligi qoidaga koʻra bajarilgani va h.) ni belgilash oʻquvchida oʻziga ishonch, oʻzining kuchli tomonlariga tayanib, kamchiliklarni yengishga ragʻbatlantiradi.

2. Kechikkan oʻquvchidan bezmagan ustoz.

Malaka oshirish seminarlaridan birida ustoz hamkasblardan soʻraydi:

Darsni boshlagansiz, bir oʻquvchi rosa 20 daqiqaga kechikib keldi, sizning harakatingiz.

Auditoriyada turli variantlar jaranglaydi:

“Sinfdan chiq”, “Kundaligingni ber”,

“Oʻtir, darsdan keyin gaplashamiz”va h.

Yigʻilganlar soʻradi:

“Siz nima qilardingiz?”.

Ustoz varianti:

“Birinchi boʻlib qiladigan ishim – nihoyatda samimiy tarzda:

“Bolajon, salom, marhamat joyinga oʻtir, sensiz darsimizni sira boshlay olmayotgandik, seni kutayotgandik, derdim”.

Ustozning ikkinchi savoli:

“Xoʻsh, deylik, ertasiga bola endi rosa yarim soatga kechikib keldi, unda nima qilamiz?”

Yigʻilganlar ustoz javobini kutib turishdi:

“Ertasiga shunday boʻlsa, men yanada koʻproq mehr bilan “Aziz, bolajonim, seni rosa kutdim, tezroq kira qol, sensiz darsimiz boshlanishi qiyin edi”.

Ustoz taʼkidlashicha, 4-5 kun shunday qilingach, oʻquvchilari kechikmay kelishni boshlaydi.

Zero, ustoz eʼtirof qilganidek, “Odam oshiqcha mehr koʻrgan, oʻzining kerak ekanini his etgan joyga borishni, bu yerda koʻproq boʻlishni istaydi”.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)