Barchaga yoqishning iloji yoʻqligini hammamiz allaqachon bilib boʻlganmiz. Mashshoyihlarning “Hammaga barobar yoqish istagi – eng ahmoqona istak” degan naqliga hayotda necha martalab amin boʻlganmiz.

Oʻqituvchilikda ushbu hayot qoidasi oʻquvchilar faoliyatini baholashda ayniqsa, yoqqol namoyon boʻladi. Dunyoda oʻqituvchilar qoʻygan bahoga biror marta ham norozi boʻlmagan oʻquvchi topilmasa kerak. Ammo baʼzi oʻquvchilar oʻz noroziligini muntazam va boshqalardan koʻra “ehtirosliroq” ifodalashga oʻrgangan boʻladi.

Bunday vaziyatlar oʻqituvchidan pedagogik muomalada alohida zukkolikni, mahoratni talab qiladi. Mazkur post shu yoʻnalishdagi ayrim mulohaza va tavsiyalardan iborat:

1) baho oʻquvchi shaxsiyatiga emas, faoliyatiga qoʻyilganini anglatuvchi mulohazalardan foydalanish shart (“Biliming past boʻlgani uchun yomon baho olasan-da”, “Mavzuni bilmagan odamga necha – besh qoʻyish kerakmi?” oʻrniga “Topshiriqni bajarishda anchagina xatolarga yoʻl qoʻyilgani uchun baho past boʻldi”, “Yomon baho savolda qoʻyilgan koʻpchilik masalalar ochib berilmagani sababli” variantlari maʼqulroq);

2) baho “shu yerda va hozir” printsipiga muvofiq bolaning oʻtmishiga ham, kelajagiga ham tegishtirilmay, bugunning natijasi sifatida muhokama etilishi shart (“Oʻzi oxirgi vaqtlar senda susayish boʻlayotgandi, mana natija” oʻrniga “Ayni topshiriqdagi masalalar ustida qaytarish qilishining kerakligi koʻrindi” tuzukroq, “Bu safar shunday oddiy narsalarni bilmagan boʻlsang, keyingi topshiriqlarni qanday bajarasan?” oʻrniga “Bu baho faqat shu bugungi tayyorgarlik sust boʻlganini koʻrsatayapti, keyingi sinovlarga demak boshqacha tayyorlanish kerakligini tushunayapsan” maʼqulroq).

3) oʻquvchi fikr-mulohazasini faqat masala doirasida diqqat bilan tinglashga tayyorlikni bildirish (“Bir birimizning vaqtimizni asrash uchun kel bevosita sening ishing va men qoʻyga baho boʻyicha fikringni bildir”);

4) oʻquvchi oʻz fikrining asosiy qismini bildirib boʻlgach, yaʼni yigʻilib qolgan “qaynoq bugʻ” birlamchi chiqib ketgach, undan oʻtkazilgan nazorat ishi yoki uy vazifasi qanday baholanashi, qanaqa mezonlarga asosan tekshirilishi, qancha xato, qaysi xatolar ayniqsa, eʼtiborga olinganini soʻrash kerak (faqat “Bilarmiding yoki yoʻqmi?” deb emas, chunki bu oʻquvchiga osongina “Bilmasdim” deb qutulib ketish yoʻlini ochadi, yaxshisi “Sizlarga ishlar qanday tekshirilishini, nimalarga eʼtibor qaratishimni oldindan tushuntirganimda, senga nima tushunarsiz boʻlgani?” deganday yondashuv oʻrinli);

5) oʻquvchiga shaxsiga hurmat saqlab, uning oʻzgacha qarashga ega boʻlishi mumkinligini tan olgan holda, avtoritar pozitsiyaga oʻtmay shaxsiy nuqtai nazarni bildirish (“Bunday natija tayyorgarlikka koʻproq eʼtibor qaratish kerakligini, mavzular bir biridan qiyinlik darajasiga koʻra farqlanishini, vazifani avvalo, baholash mezonlaridan kelib chiqib bajarishga intilish muhimligini koʻrsatayapti” kabilida);

6) baho bu “hukm-farmon” emas, balki rivojlanish va natijalarni yaxshilashga oʻziga xos chaqiruv ekanini tushuntirish, koʻrsatkichlarni koʻtarishga yordam berishga hamma vaqt ochiqlikni bildirib, iloji boʻlsa, bahoni toʻgʻrilash uchun qanday imkoniyatlar borligini izohlash.

Bahodan norozi oʻquvchi bilan muloqot qilishning tashkiliy tomonlari xususida:

1. Masalani sinf oldida emas, alohida koʻrib chiqqan afzal (“Imkoniyating boʻlsa, darsdan tashqari muhokama qilsak, batafsil koʻrib chiqishga vaqtimiz koʻproq boʻlardi”);

2. Muhokama vaqtida oʻquvchini oʻqituvchi stoligi eng yaqin partaga oʻtkazib qoʻyib, uning roʻparasida turmay, yonidagi oʻrindiqqa oʻtirish (tikka koʻz urishtirish vaziyati va yuqoridan turib bosim qilayotgandek hissiyot yuzaga kelishiga yoʻl qoʻyilmaydi);

3. Muzokara vaqtida oʻquvchi bilan oʻrtadagi zonada uning tekshirilgan va baholangan ishini ochiq holda tutib turish foydali boʻlishi mumkin (oʻquvchi koʻz qiri bilan ishdagi xatolar, kamchiliklarni koʻrib turishi uni ozgina “yerga tushurib turadi”, oʻqituvchiga esa vaqti-vaqti bilan daftarga koʻz tashlab norozi ohangdan ortiqcha asabiylashmaslik uchun chalgʻish imkoniyatini beradi).

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev)