Gurunglardan birida taʼlimdagi muammolarni muhokama etayotgandik. Yoshi ulugʻ ustozlardan biri chuqur xoʻrsinib, hamma balo shundaki, biz oʻzimiz xohlagan xom ashyo bilan ishlamaymiz-da, degan maʼnoda fikr aytgandilar.

Darhaqiqat, masalan, qurilish qilayotgan odam qanday xom ashyo ishlatishni, tsementning qaysi markasi-yu, gʻishtning qanchalik qalini olinishini oʻzi hal qiladi. Ammo oʻqituvchidan meʼmor sifatida qoʻliga tutkazilgan tayyor material – turfa toifa bolalardan chiroyli hosila yaratib berish kutiladi.

Oʻsha turli xil bolalar orasida bir toifa borki, alohida tashvish uygʻotadi. Tortinchoq bola nari borsa, bilganini ham bildirmay panada qoladi, dangasa uy vazifasini bajarmaydi, lekin agressiv bola hammani bezor qiladi, tajovuzkor qiliqlari bilan birovga jiddiy zarar yetkazishgacha boradi. Qisqasi, oʻqituvchining pedagogik mahoratiga yana bir sinov – agressiv oʻquvchi.

Umumiy ravishda, har xil hisiy kechinmalar bola asab tizimi uchun ogʻirlik qilib, hali bola bu kechinmalarni ifodalashni bilmasligi sababli tashqi taʼsirga agressiv reaktsiya bilan javob beradi.

Psixologiyada agressiya odatda eng umumiy ravishda jismoniy hamda verbal agressiyaga ajratiladi.

1. Jismoniy agressiya urishish, narsalarni buzishda ifodalnadi, bunday xatti-harakatlar odatda eʼtiborga boʻlgan ehtiyoj bilan taqozolanadi.

2. Verbal (nutqiy) agressiya bolalarning haqoratli soʻzlarni aytishi, baqirib urishishi, kimnidir masxaralashida ifodalanadi. Bunday agressiya ortida koʻp holatlarda oʻzini kuchli his etish ehtiyojining qondirilmagani turishi qayd etiladi.

Oʻquvchi agressiv harakatlariga munosabatdagi umumiy strategiya bolaga oʻz noroziligini mavjud ijtimoiy meʼyorlar doirasida ifodalashni oʻrgatishga, shaxsiy kuch hamda imkoniyatlarni namoyish qilishning oʻzgacha, yaʼni hammaga maʼqul boʻladigan usullari borligini tushuntirishga qaratiladi.

Bunda agressiv harakat roʻy berib boʻlgan boʻlsa, bolaga uning bu harakati mutlaqo oʻrinsizligini, jabrlanuvchiga esa alohida gʻamhoʻrlik koʻrsatish oʻrinli. Bunday chora bolaga uning oʻzi oʻz harakatlari bilan yutkazayotganini koʻrsatadi. Buzgʻunchi agressiyaga nisbatan katta odam oʻzining noroziligini qisqa va aniq bildirishi kerak. Bolaga oʻzi yetkazgan zararni bartaraf etishni ham taklif qilish mumkin.

Agressiv bolalar oʻzining nohaqligini va magʻlubiyatini qabul qilishi qiyin. Demak:

a) koʻpchilik oldida uning aybini minimallashtirish (“Bilaman, aslida sinfdoshingni hafa qilmoqchi emasding”, “Odamlar odatda kayfiyati yomon boʻlganda shunday qiladi”), ammo yuzma yuz suhbatda jiddiy gaplashib olish;

b) toʻliq boʻysunishni talab qilmaslik, qoʻyilgan talabni oʻquvchi oʻzi xohlaganday bajarishi mumkinligini taʼkidlash (“Bugundan bahsli vaziyatlarni urushib hal qilmaysan, xohlasang menga ayt, xohlasang indamay ket, xohlasang sinf bilan muhokama qilamiz, xohlasang biror ish bilan oʻzingni chalgʻit, lekin shu talabni bajar”);

v) oʻquvchiga yon bosilishi faqat qaysidir shartlar bajarilishi evaziga amalga oshirilishi mumkinligini bildirish (“Sen xohlaganday boʻlishi uchun oʻzing nimalarga rozi boʻlasan, qanday shartlarni bajarishga tayyorsan?”, “Kelishuv boʻlishi uchun ikki tomon ham nimadandir voz kechadi, qaysidir masalada ortga bir qadam tashlaydi”).

Davomi keyingi postlarda...

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)