Gʻirt kommunist davlat edik. Hamma narsa davlatning qoʻlida. Xususiy mulkka ruxsat yoʻq.
Voz kechgan boʻlsak-da – kommunizm sarqiti 2016-yilgacha davom etdi.
Xuddi barcha pullarni qoʻlida toʻplab olgan, farzandlari va kelinlariga erkinlik bermaydigan qaynona kabi edi davlat.
Keyin asta-sekin kapitalistik elementlarni singdirishni boshladik: xususiy mulk, tadbirkorlik, erkinlik, daxlsizlik.
Taʼlim nisbatan erkinlashmoqda. Yurtimizda koʻplab xususiy maktab va universitetlar ochilib kelmoqda. Bu yaxshi islohot. Eʼtirof etish adolatdan boʻladi!
Ammo "asal bilan birga ari ham keladi" deyilganidek, bozor iqtisodiyotidagi koʻpayayotgan xususiy taʼlimning ham baʼzi bir kamchiliklarini koʻrib chiqishimiz manfaatli boʻladi:
1. Fanlar orasida notenglik kuchayib boradi
IT, matematika, ingliz tili fanlari moliyaviy daromad keltiradi, deb ustun qoʻyiladi; adabiyot, falsafa, tarix kabi fanlar qadrsizlanadi.
"Tarix oʻqib qayerdan daromad qilasan?" – qabilidagi savollar koʻpayadi.
2. Bilim emas, daromad markazga chiqadi
Taʼlimdan asosiy maqsad – foyda qilish boʻladi. Bilim sifati emas, qancha pul keltirishi muhimroq boʻladi.
3. Oʻquvchi — “mijoz”ga aylanadi
Oʻqituvchi talabchanlik qilsa, mijoz yoʻqoladi. Natijada baholar koʻtarilib qoʻyiladi.
Oʻquvchilarning “nozik” koʻngilchalariga tegmaslik urfga kiradi.
Mijozni yoʻqotmaslik uchun ustoz oʻzini pastga qoʻyishga majbur boʻladi. Pulini u toʻlayapti-da...
4. Oʻquvchilarga individual shaxs sifatida emas, “ishchi kuchi” sifatida qaraladi
Taʼlim “mehnat bozoriga tayyorlash zavodi”ga aylanadi. Inson oʻzini anglash uchun emas, korporatsiyaga xizmat qilish uchun oʻqiydi.
5. Oʻquvchilarda haddan tashqari stress va ruhiy bosim ortib boradi
Reytinglar, grantlar, IELTS bosimi — ularni inson emas, “loyiha”ga aylantiradi.
Stress, depressiya, oʻzini past baholash kuchayadi.
6. Ota-onalar va oʻquvchilar oʻqituvchiga “mijoz nuqtai nazaridan” qaraydi
Ustoz emas, pul toʻlab xizmat qilayotgan xodim sifatida koʻriladi. “Biz haqlimiz, pulini berdik” degan munosabat shakllanadi.
7. Aʼlochilarga eʼtibor, oʻrtamiyonalarga — befarqlik
Kapitalistik tizim “eng zoʻrlar” atrofida aylanadi. Potentsial bor, lekin hozir sust boʻlgan oʻquvchilar orqada qolishi xavfi bor.
8. Oʻlchov vositasi – raqamlar
Reytinglar, ballar, testlar ortidan quvish boshlanadi. Oʻzlashtirish emas, “koʻrsatkich” muhim boʻladi.
Taʼlim natijasi faqat koʻzga koʻrinadigan raqamlar bilan oʻlchanadi – baholar, test, ishga joylashish. Bolaning ruhiy holati, qiziqishi eʼtibordan chetda qoladi.
9. Sifatli taʼlim faqat pullik boʻlib qoladi
Xususiy sektor kuchaygani sayin, tajribali oʻqituvchilarni katta maosh bilan oʻziga tortib oladi.
Natijada davlat maktablarida oʻqituvchi sifati pasayadi.
Fikrlar muallifning kuzatuvi asosida, tahminiy yozildi.
Umumiy olganda xususiy taʼlim koʻpaygani yaxshi. Kamina ham xususiyda ishlaydi.
Bu post tanqid uchun emas, tayyorgarlik uchun yozildi..
Siz taʼlimda yana qanday oʻzgarishlarni koʻryapsiz?