Baʼzan oʻquvchilarni guruhlarga boʻlib vazifa bajartirish dars jarayoniga rang beradi.

Ammo afsuski, baʼzi hollarda guruh boʻlib ishlash notoʻgʻri tashkil etiladi. Bu esa darsning samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi:

Koʻrinishidan dars qiziqarli va harakatga boy boʻlsada, guruh ishlari kutilgan natija bermaydi.

Keling hurmatli ustozlar, guruh boʻlib ishlashning baʼzi samarali qoidalarini koʻrib chiqamiz:

1. Maqsad qoʻying. Guruh ishini tashkil qilishda aniq maqsad boʻlishi kerak:

Guruhga boʻlishdan qanday maqsad? Qanday kutilmalar bor? Oʻquvchilar oʻzi bu haqida biladimi?

Maqsad aniq boʻlsa, oʻquvchilar ham oʻz vazifalarini masʼuliyat bilan bajarishadi.

2. Guruh tarkibini toʻgʻri tuzing. Guruhlarni tuzishda iqtidorli va bilim olishda qiynalayotgan oʻquvchilarni aralashtirib joylashtiring. Bu usul orqali guruh ichida tajriba almashinuvi sodir boʻladi.

3. Shaxsiy javobgarlikni belgilang. Har bir guruh aʼzosiga aniq vazifa yuklang:

Eshmat — kirish qismini tayyorlash;

Toshmat — asosiy mavzuni tushuntirish;

Gulchehra — yakuniy xulosani umumlashtirishga javobgar.

Bunday yondashuv oʻquvchilarda javobgarlik hissini oshiradi va guruh ishini tizimli qiladi.

4. Guruh ishtirokchilari sonini balanslang. Guruh aʼzolari soni ortiqcha koʻp boʻlsa, oʻquvchilarning shaxsiy javobgarligi susayadi va faollik pasayadi. Mutaxassislar guruhda 4 nafar oʻquvchi boʻlishini tavsiya etishadi — bu raqam samarali va barqaror hamkorlik uchun eng ideal hisoblanadi.

Xulosa:

Guruh boʻlib ishlash toʻgʻri tashkil etilganida, dars jarayoni nafaqat qiziqarli, balki samarali va maqsadga yoʻnaltirilgan boʻladi. Har bir oʻquvchi jarayonda faol ishtirok etadi va javobgarlikni his qiladi.