Insonlar kabi hayvonlar ham kuchli juft bilan oila qurishni xohlaydi, oʻz kelajagini oʻylaydi.

Kuch — nisbiy. Har bir hayvonda oʻziga xos kuchli jihati boʻladi:

Gepard uchun kuch — tezlikda.

Boʻrilarda — ov qilish mahorati va liderlik.

Gorillalarda esa — gavdasining kattaligi.

Qiziqroq misollar ham bor:

Urgʻochi qurbaqalar balandroq sayraydigan juftlarni yoqtiradi. Sababi uzoq va baland sayrash — chidamlilik va sogʻlomlikni bildiradi.

Urgʻochi sherlar uzun va qalin yolli erkak sherlarni tanlaydi. Sababi yol — uning kuchli va testosteroni baland ekanini bildiradi.

Albatrosslar yaxshi raqs tusha oladiganlarni afzal koʻradi. Raqs sogʻlom asab tizimi va yetuklikni bildiradi.

Misollar koʻp.

Sizga keltirmoqchi boʻlgan misolim boshqa jonzot — tustovuq.

Urgʻochi tustovuqlarni jalb qiladigan erkakdagi jihat — uzun patlari. Aynan uzun patli tustovuqlar bozori chaqqon boʻladi.

Qiziq? Nega aynan uzun patli boʻlish?

Uzun patli boʻlish yugurishga ham qiyin. Urushda ham qiyinchilik olib keladi. Hojiboy aytganday: “Mindey olib qarasa — nevigodno”.

Ammo masala boshqa yerda ekan. Urgʻochi tustovuqlar mantigʻi boshqacha ishlaydi:

Erkak tustovuq shuncha noqulay, besoʻnaqay patlari bilan tirik qoldimi — demak u haqiqatan kuchli jonivor ekan degan xulosaga kelinadi.

Yaʼni shu ahvolda yirtqichlardan oʻzini saqlab qola oldimi — demak boʻladigan bola ekan. Ona: “Men turmush qurishga roziman, toʻyni tezlashtiringlar!” der ekan urgʻochi tustovuq.

Aslida eng zoʻr oʻlchov shumi deyman-da...

Bizni aslida tashqi koʻrinish emas, koʻrgan qiyinchiliklarimiz qadrli qiladi. Koʻrgan sinovlarimiz va ularga qilgan reaksiyalarimiz bizning kim ekanligimizni belgilab beradi.

Oʻquvchilarga ham baʼzan shu nigoh bilan qarashni xohlardim. Baʼzi oʻquvchilar tabiiy iqtidorli boʻladi. Ularning yutugʻi — omadida. Insondagi gen oʻqishda katta rol oʻynaydi.

Baʼzilar esa buning aksi. Ilm yuqishi qiyin. Oilasida ilmiy muhit yoʻq. Sharoiti boʻlmay, qoʻshimcha ishlashga majbur boʻlgan boʻlishi mumkin.

Biz esa akademik baholariga qarab, “aqlli”, “ikkichi” deb tamgʻa bosib yuboramiz. Tanganing ikkinchi tomonini koʻrmaymiz.

Balki aqlli Eshmatdan koʻra, hayoti qiyinchiliklardan iborat boʻlgan, shu vaziyatga qaramay harakat qilayotgan Toshmat afzal emasmikan?

Xullas, nima demoqchiman?

Kuch — nisbiy. Faqatgina natijaga emas, balki harakatga ham qarang.