Biz “aqlli bola” deganda koʻz oldimizga nima keladi?
Oq koʻylakda, galstuk taqib, sinfda har doim “5” oladigan bola.
Toʻgʻri, u akademik jihatdan aqlli boʻlishi mumkin.
Ammo insondagi aqliy salohiyat faqat shu bilan cheklanmaydi.
Amerikalik olim Robert J. Sternberg oʻzining mashhur "Triarchic Theory of Intelligence" — Uch xildagi intellekt nazariyasida quyidagi uch intellekt koʻrinishni keltiradi:
1. Analitik intellekt – anʼanaviy IQ testlar oʻlchovchi qobiliyat: mantiqiy fikrlash, muammoni hal qilish, tahlil qilish.
2. Ijodiy intellekt – yangi gʻoya yaratish, moslashuvchan fikrlash, innovatsiya qilish qobiliyati.
3. Amaliy (praktik) intellekt – hayotiy muammolarni hal qilish, yaʼni tajriba orqali oʻrganilgan real dunyo bilimlari.
SSSR va koʻplab mustabid tuzumlar 1 — analitik intellektni yaxshi koʻradi:
Boshqarish oson. Itoatkorlikka moyil. “Aqllilik” qilmaydi. Siyosiy xavf tugʻdirmaydi.
Shu sababli ham aynan analitik intellektli bolalar ustun qoʻyiladi. Propaganda qilinadi. Faxriy yorliqlar-u medallar bilan taqdirlanadi.
Aʼlochi oʻquvchi degan tasavvurimiz shundan shakllangandir balki..
Qolgan ikki intellekt egasiga esa “uyushmagan yoshlar” tamgʻasi bosiladi.
Mavzuga qaytamiz.
Sizlarga 3-intellekt — amaliy intellekt egalari haqida gapirmoqchiman.
Ularni norasmiy tilda Street Smart (koʻcha aqli) deyishadi.
Men oʻzimcha “bozor koʻrgan bolalar” deb tarjima qildim.
Yaxshiroq tushunish uchun 1989 yildagi “Bozor koʻrmagan yigit” filmini koʻrishni tavsiya qilaman. Yorvorishgan.
Xullas, street smartʼlar akademik jihatdan ilgʻor boʻlmasligi mumkin, ammo:
• Qiyin vaziyatlardan chiqib keta oladi,
• Odamlarni tushunadi va toʻgʻri muomala qiladi,
• Amaliy fikrlaydi,
• Moslashuvchan,
• Aldanmaydi, xavfni tez ilgʻaydi,
• Oʻzini himoya qila oladi.
Street smartʼlar kitob bilan emas, bajarib koʻrib, xatolar orqali oʻrganishga moyil.
Odatda, bozor, koʻcha, mahalla — ularni tarbiya qiladi.
“Hayot berganda taʼlim, ‘nega’ kerak muallim” iborasini ham, ehtimol, shu bolalar oʻylab topishgan!
Tohir Malikning “Alvido bolalik” asaridagi Qamariddinn bunga yaqqol misol qilsak boʻladi.
Street smartlar — biznes, savdo, marketing, sotuv sohalarida kuchliroq boʻlishadi.
Oʻrganishning eng samarali uslubi — bajarib koʻrib, xato qilib oʻrganish uslubidan foydalanadi.
Shu sababli ham erkin bozor iqtisodiyotida muvaffaqiyat qozonish imkoni yuqori boʻladi.
Hamma street smart boʻlishi kerak degan fikrdan yiroqmiz.
Hayot balansdan iborat. Faqat koʻcha aqli ham muvaffaqiyat kaliti emas, xuddi shu kabi faqat akademik baholar ham.
Qanday boʻlish kerak?
Nazariyaga berilgan oʻquvchi oʻzida koʻcha aqlini, street smartʼlar esa nazariyalarni oʻrganishi kerak.
Street smart + akademik yutuqlar = ideal kombinatsiya boʻladi.
Xulosa:
Oʻquvchilarimiz turli xil intellektlarga ega.
Maktab esa faqat akademik intellektni baholaydi.
Amaliy intellekt egasi boʻlgan oʻquvchilar esa eʼtibordan chetda qoladi. Yomon otliq qilinadi.
Ustozlarga tavsiya: aʼlochi boʻlmaganlar intellektini koʻrishni oʻrganing.
Haqiqiy pedagog — hatto street smartʼlarni ham toʻgʻri yoʻnaltira oladi!