Amerikada taksichilar bir kunda 200$ topar ekan.

Demak: 30 kunda – 6000$

Bir yilda esa – 72 000$

5 yil ishlasam – 360 000$ bilan qaytaman, boyib ketaman!

Men Amerikaga ketdim!!!

Klassik oʻzbekcha hisoblash. Sizga tanish boʻlsa kerak-a?

Bu hisob-kitobda qanday xato bor?

Biz faqat daromadni koʻramiz. Xarajatlarni esa hisobga olmaymiz:

Taksichining yoqilgʻisi, mashina ijarasi, sugʻurtasi, soligʻi va yana siz bilmagan koʻplab xarajatlarini eʼtibordan chetda qoldiramiz.

Favqulodda holatlarni umuman hisobga olmaymiz. Hammasi ideal ketadi, deb oʻylaymiz.

Bu — "Optimism Bias" ortiqcha optimistlik illati deb ataladi.

Optimism bias — bu insonlarning kelajakda ular bilan yaxshi voqealar roʻy beradi, yomon voqealar esa boshqalar bilan sodir boʻladi, deb oʻylashga moyilligidir.

Yaʼni, odamlar koʻpincha oʻzlarini real xavf yoki salbiy holatlardan mustasno deb biladi.

Masalan, Amerikada kichik bizneslarning yashab qolishi ehtimolligi 35%.

Ammo biznes ochayotganlar oʻzini aynan shu muvaffaqiyatli 35% ichidaman, deb hisoblaydi.

Tadbirkorlar biznesi muvaffaqiyatli boʻlish ehtimolini 60% deb hisoblagan. Reallikdan deyarli ikki barobar koʻp.

Taksistlar bilan oʻtkazilgan boshqa tadqiqotda: ularning 80% dan ortigʻi “Men oʻrtachadan yaxshi haydovchiman” deb javob bergan.

Ammo statistik jihatdan bu mumkin emas — hamma oʻrtachadan yuqori boʻla olmaydi.

Xullas, optimistlik illati — men oʻrtachadan yaxshiman, menda hammasi ideal boʻladi, deb notoʻgʻri reja tuzish.

Kamchiliklar va favqulodda xarajatlarni hisobga olmasdan hisob-kitob qilish modeli.

Yomon tomoni:

Notoʻgʻri fikrlash → notoʻgʻri xulosa → notoʻgʻri qarorlar qabul qilishga olib keladi.

Qanday oldini olish mumkin?

• Realistik rejalar tuzish

• Statistik maʼlumotlarga qarab qaror qilish

• “Nima notoʻgʻri ketishi mumkin?” degan savol berish

• Boshqalardan tahliliy fikr soʻrash

• Oʻzini istisnoman deb qabul qilmaslik

Qissadan hissa:

Hayotga real qaraylik!

Siz ham hech shunday hisob kitob qilganmisiz? ;)