Siz qaysi biri?
Oʻzbek xalq maqoli – “Odamning odamdan farqi bor, Ikki yuz xil narxi bor”... Oʻqituvchining oʻqituvchidan farqi-chi? Farq boʻlishi tabiiy.
Farqqa nozik ishora qiluvchi bir hikmatni koʻpchilik bilsa kerak: “Oʻqituvchi oʻrtamiyona boʻlsa, faqat gapirib beradi, yaxshi boʻlsa, yana tushuntirib ham oʻtadi, aʼlo boʻlsa, qoʻshimchasiga koʻrsatib ham beradi, buyuk boʻlsa, bu bilan cheklanmay, seni ilhomlantiradi ham” (Uilyam Artur Uord).
Birov qoʻshilsa-qoʻshilmasa, mayli shu formulani qabul qildik ham deylik. Biroq bu yerda oʻsha “oʻrta hol, yaxshi, aʼlo, buyuk” lik zamirida nima borligi koʻrinadimi?
Koʻrinmaydi, faqat tashqi alomatlar keltirilgan, xolos. “Ildizni” koʻrish uchun fan atalmish “mikroskopni” yoqamiz.
Endi fikr mantigʻini kuzating:
A. Musiqani tushunish, rasm solish, shaxmat, matematika, texnika va boshqa faoliyat turlarida barcha tengmi? Tengmas, chunki qobiliyat bir xilmas. Pedagogik qobiliyat ham hammada barobar emas.
B. Pedagogik qobiliyat har qanday boshqa iqtidor turi kabi yetakchi va yordamchi sifatlardan tashkil topadi:
B1) yetakchi sifatlar – bolalarga muhabbat va talabchanlik uygʻunligi, bilimlar bilan boʻlishish ehtiyoji, kuchli xotira, pedagogik takt (muomala-munosabatda meʼyorni bilish), tashkilotchilik qobiliyatlari.
B2) yordamchi sifatlar – artistizm (birov aktyorlik mahorati, deydi), notiqlik mahorati, hissiyotli yondasha olish, ovoz imkoniyatlari, jismoniy chidamlilik, epchillik.
Formula tilida tafovut taxminan quyidagicha boʻladi:
B1(0)+B2(0)=pedagogikaga begona, hatto, havfli odam;
B1(0)+B2(1)=pedagogika bilan oz-moz ermak qila oladigan odam;
B1(1)+B2(0)=pedagogikada “el qatori” kun koʻradigan odam;
B1(1)+B2(1)=pedagogikada baland maqomga erisha oladigan odam.
Endi eng qiyin savol: “B” larni qayerdan olamiz?
“B2” larni chetdan oʻzlashtirish mumkin: mustaqil oʻz ustida ishlashmi, turli kurslarga qatnashmi, mahoratli ustozlardan maslahat olishmi – bu yogʻi har kimning oʻziga havola.
“B1” lar odamda qayerdan paydo boʻlishi haqida hozircha aniq javob yoʻq:
birov tugʻma deydi, kimdir odam oʻz oilasida oʻrganadi (masalan, katta farzand uka-singillariga qarab turishi ortidan), deb hisoblaydi, kimgadir maktabda buyuk ustoz-namuna uchraganidan shunday boʻladi, degan taxminlar ham bor.
Har qalay bir narsa aniq – “B1” larni diplomga qoʻshib oliygoh taqdim etmaydi.
Aslida “B1” lar bilan pedagogika oliygohiga qadam bosiladi. Faqat soʻkmang, bizda demayapmiz, idealda shunday!
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)