Tashkilotimizning eng katta rahbari bayramda ofis xodimlariga noodatiy sovgʻa tuhfa etdi.

Bu sovgʻa – chiroyli ramkaga solingan bejirim bosmada aks etgan goʻzal hikmat:

Muhabbatsiz va mahoratsiz qilayotgan ishingiz – naridan beri ish.

Muhabbat bilan, ammo yetarli mahoratga ega boʻlmay qilayotgan ishingiz – shunchaki xobbi, koʻngil uchun bir yumush.

Muhabbatsiz, ammo yetarlicha mahorat bilan qilayotgan ishingiz – tirikchilik gʻamidagi ish.

Muhabbat va mahorat bilan qilayotgan ishingiz – asl sanʼatdir.

Rosa 50 yil muqaddam Stiven Spilberg “Jagʻlar” (“Jaws”) filmini suratga olgan. Yirtqich akulalar qarshisida odamlarning jon saqlash uchun kurashi koʻrsatilgan filmning qadr ortida shunday hodisa qolgan ekan:

Suratga olish uskunalari yuklangan “Orka” qayigʻini shatakda buksir kater tortib yurgan. Bir safar joyidan qoʻzgʻalayotib kater qayiqni shunday kuch bilan tortadiki, uning korpusida siniqlar paydo boʻladi va suvdagi kinostudiya ikki daqiqa ichida choʻkib ketadi.

Kemadagilar sarosimada yordamga shaylangan qayiq tomon talpinar ekan, ovoz rejisseri Djon Karter boshi uzra ovoz yozish uskunasini koʻtarib “Iltimos, birinchi shu uskunalarni, yozilgan ovozlarni qutqaring”, deb baqirgan ekan.

Djon Karterning favqulotda holatdagi harakati kasbiga, oʻz ishiga muhabbatimi? Chamasi, shunday.

Oʻsha yili Djon Karter “Jagʻlar” filmidagi ishi uchun “Eng yaxshi ovoz rejisseri” nominatsiyasida “Oskar” mukofotiga loyiq topilgan. Bu-chi mahorat belgisimi? Chamasi shunday.

Gapimiz avvaliga qaytib, ushbu misolni “muhabbat+mahorat=sanʼat”, degan formulaga solsak, bu yerda haqiqiy ijod namunasini topamizmi? Topamiz, aks holda 50 yil oʻtib, filmni kim ham eslardi...

Xulosaga yetaklovchi savol: yunon mutafakkiri Kleanf “Maqsad qoʻyib, unga tirishib-tirmashgan odamga, osmonlar ham yordam beradi”, deganda haqmikan? Chamasi, shunday.

Material “National Geographic” kanalining

“Jaws @ 50: The Definitive Inside Story” hujjatli filmi asosida P.S.Ergashev tomonidan tayyorlandi.