Oʻzbekistonda 700 mingdan ortiq oʻqituvchi boʻlsa, demak 700 mingdan ortiq oʻqitish uslubi bor. Yaʼni inson ham, uning harakatlari ham — betakror. Butun dunyoda ham shunday:
Amerikalik taʼlim metodologi Entoni Grasha ham 400 ga yaqin oʻqituvchilarning oʻqitish uslublarini oʻrganib, bu fikrimizni tasdiqlaydi.
Shunga qaramay, Grasha oʻqituvchilarda koʻp uchraydigan 5 xil oʻqitish uslubi haqida yozib qoldiradi:
1. Ekspertlar
Bu turdagi ustozlar oʻz fanida haqiqiy mutaxassis. Tajribasi katta. Oʻta ilmiy, keng qamrovli maʼlumotlar aytish orqali oʻz mavqeini koʻrsatishga urinadi.
Kuchli tomoni: fanini chuqur biladi.
Kamchiligi: bilim olishda qiynalayotgan oʻquvchilarni choʻchitib qoʻyishi mumkin. Ikkichilarni tushunishi qiyin.
2. Rasmiy avtoritet (Formal authority)
Talabalar orasida oʻz bilim va oʻqituvchilik mavqeini hokimiyat orqali ushlab turadi. Aniq qoidalar oʻrnatadi. Davlat standartlariga qatʼiy amal qiladi. Intizomli.
Kuchli tomoni: aniq reja, maqsad va mezon asosida dars oʻtadi. Oʻquvchilarga aniq dastur koʻrsatib bera oladi.
Kamchiligi: standartga haddan tashqari yopishib olishi oʻquvchilarning individual ehtiyojlarini eʼtibordan chetda qoldirishi mumkin.
3. Shaxsiy namuna (Personal model)
Oʻzi bajarib koʻrsatadi, kuzatishga undaydi va oʻrnak boʻlishni maqsad qiladi. Oʻquvchilar ham oʻzidek boʻlishini istaydi. Masalan, misollarni oʻzi toʻliq yechib berib, shunday usulda yechishni talab qiladi.
Kuchli tomoni: talabalar bevosita kuzatish orqali mavzuni chuqur oʻrganadi.
Kamchiligi: “Men qilgan usul eng toʻgʻrisi” degan yondashuv oʻquvchilarning ijodiy fikrlashini cheklab qoʻyishi mumkin.
4. Yoʻnaltiruvchi oʻqituvchi (Facilitator)
Oʻquvchiga savollar, fikrlar berish orqali uni mustaqil fikrlashga undaydi. “Men bilaman, sen tingla” emas, balki “kel, birga oʻylaymiz” yondashuvini tanlaydi.
Kuchli tomoni: moslashuvchan. Talabalarga individual yondasha oladi. Ularni mustaqil fikrlovchi shaxsga aylantiradi.
Kamchiligi: har bir oʻquvchiga alohida yondashish koʻp vaqt talab qiladi. Baʼzida esa umumiy yondashuv samaraliroq boʻlishi mumkin.
5. Vazifa topshiruvchi (Delegator)
Bu turdagi ustozlar oʻquvchilarning faqat mustaqil harakat qilishlarini istaydi. Oʻqituvchi oʻzini asosan material bilan taʼminlovchi deb biladi.
Kuchli tomoni: talabalar oʻqituvchisiz ishlash koʻnikmasiga ega boʻladi.
Kamchiligi: barcha oʻquvchilar mustaqil ishlashga tayyor boʻlmasligi mumkin. Bu esa ularda stressni kuchaytirishi mumkin.
Har bir ustozni faqat bitta toifaga kiritish toʻgʻri emas. Odatda, bir oʻqituvchida bir nechta uslub aralashgan boʻladi.
Muallif fikricha:
"Eng samarali uslub — bu vaziyatga qarab tanlangan uslub."
Chunki sinflar qanday turli xil boʻlsa, ularga mos uslublar ham shuncha xilma-xil boʻlishi tabiiy.
Qiziq, siz qaysi turdagi ustozsiz?
Bilishning eng yaxshi yoʻli — postni oʻquvchilaringizga yuboring va ulardan soʻrang!