Savol: Maktabgacha yoshdagi va ilk boshlangʻichdagi oʻquvchilar bilan muloqot va oʻqitishda qaysi yondashuv toʻgʻri?
Pedagogik jamoatchilikning ilgʻor vakillari sifatida hurmatli ustozlar, yaxshi tushunasizki, barcha bolaga, ayniqsa, maktabgacha yoshdagi bolalarning hammasiga birdek tushadigan umumiy formula yoʻq.
Bolalarning shartli toifalari bor, yondashuv, muomala, metodika ham shunga yarasha tanlanadi:
1. Shoʻx-shodon bola.
-yakka suhbat oʻtkazish;
-guruhlarga biriktirib ishlash;
-bolaning shaxsiy qiziqishlarini oʻrganish.
2. Giperaktiv bola.
-yakka topshiriq berish (imkon qadar har 10-15 daqiqada);
-belgilangan muddatga harakat erkinligini taqdim etish (orada suv ichib kelsin, oynaga bir qarab koʻrsin va h.);
-bola bilan muloqotda sokin ohangni tanlash.
3. Passiv bola.
-bolaga yaqin mavzularni bilib olish va shu tarafdan unga yaqinlashish;
-muloqotda imo-ishoralar, belgi berishlardan koʻproq foydalanish;
-osonroq topshiriq berish va arzimas yutuqlarni ham maqtash (vaqt bilan qatʼiy cheklangan vazifalar bermaslik, javob qaytarishga shoshirmaslik).
4. Impulsiv (tez qoʻzgʻaluvchan) bola.
-muloqotda vazminlikni saqlash;
-oʻzini tiya olgan vaziyatlarida ragʻbatlantirish;
-topshiriqni qisqa berish (oʻz xulq-atvoriga oʻzining eʼtiborini koʻproq qaratish, muloqotga oʻrgatuvchi, sahnalashtirilgan oʻyinlarga jalb etish, oʻyinlarda yangi qoidalarni oʻylab topishga qoʻyib berish.
5. Agressiv (tajovuzkor) bola.
-diqqatni jalgʻitish (jahl chiqadigan vaqt boshqa narsaga eʼtiborni koʻchirib yuborish);
-notoʻgʻri harakatlari, boʻlgan vaziyat haqida bola bilan gaplashish;
-sodir boʻlgan hodisani boshqatdan rolga kirib oʻynab koʻrish, boshqachasiga qanday yoʻl tutish mumkinligini koʻrsatish).
6. Bezovta (xavotirlanuvchan) bola.
-yangi oʻyinlarga asta-sekin qoʻshib borish;
-bolani maqtashda aynan nima uchun eʼtirofga loyiqligini taʼkidlab oʻtish;
-bolani kimnidir qoʻllab-quvvatlash ishiga jalb etish.
7. Oʻziga baland baho beruvchi bola.
-elementar (sodda) topshiriqlar berish va natija uchun ortiqcha maqtamaslik;
-boshqa bolalar bilan qiyoslamaslik;
-tashabbus koʻrsatishini ijobiy qarshi olish.
8. Oʻziga past baho beruvchi bola.
-oʻz fikri va hissiyotlarini ifodalashga yordam berish;
-bolaning oʻziga xos xususiyatlari (balki, jismoniy-psixologik ojiz nuqtalari) ga eʼtibor bermaslik (ustun tomonlarni taʼkidlash);
-kafolatlangan muvaffaqiyatga erishish vaziyatlarini yaratish.
9. Iqtidorli bola.
-kundalik majburiyatlarni muhokama etish;
-topshiriqlar oʻzgacha, noodatiy bajarilganini alohida maqtash;
-izlanish, tajribalar oʻtkazish ishlariga jalb etish.
10. Autizmga xos alomatli bola.
-ota-onadan bolaning qiziqishlarini bilib olish;
-koʻproq sensor oʻyinlar oʻtkazishga urgʻu berish;
-ifodali oʻqish, mashgʻulotlarda qatnashganlik holatining oʻzi uchun ham maqtash.
Yana bir bor shuni taʼkidlaymizki, maktabgacha yoshdagi bolada spontanlik (“xushim keldilik”), begʻubor hissiyotlarga beriluvchanlik, uzoq strategik fikrlash emas, shu soniya bilan yashash ustun boʻlgani uchun murabbiy koʻpincha oʻsha damning oʻzida yechim izlashi, sanʼat tilida aytganda, ekspromt, improvizatsiya qilishiga toʻgʻri keladi.
Yuqorida shunchaki, umumiy tayanch nuqtalar keltirildi. Vaziyatdan, bola individualligidan, uning ijtimoiy shart-sharoitidan va boshqa oʻziga xos jihatlardan kelib chiqib, har kim tegishli usullarni topadi.
Buning bor yoʻgʻi uchtagina sharti bor – murabbiyda bola zotiga nisbatan mehrga limmo-lim yurak, izlanishga bitmas-tuganmas ishtiyoq va qilayotgan ishiga samimiy muhabbat boʻlsa bas.
Kanal obunachilari shu shartlarga javob beradigan ustozlar, deb ishonamiz.
Aziz ustozlar, aks holda siz hozir bu kanalda boʻlmasdingiz, bu soʻzlarni oʻqimasdingiz-ku! Shunday emasmi 😉?!
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)