Savol: Ustoz, baholash haqida ham yoʻl-yoʻriqlar koʻrsating.
Oʻquvchilar uchun bahoning ahamiyati qolmagan.
Qanday xatoliklarga yoʻl qoʻyganmiz, nimalar qilishimiz kerak?
Assalomu alaykum, xayrli kech. Pedagogikada baholash masalasiga, avvalo, qaytar aloqani taʼminlash nuqtai nazaridan qaraladi. Baho pedagogning oʻquvchi faoliyati va uning natijalariga nisbatan professional munosabati (shaxsiy emas, aynan professional munosabati) boʻlib hisoblanadi.
Baho oʻquvchiga qilayotgan ishi namunaga qanchalik yaqinligini bildirib, uni yoʻnaltirib turish uchun kerak. Qolaversa, bahoning psixologik motivlashtiruvchi kuchi ham bor. Har qalay klassik pedagogikada bahodan jazolash vositasi sifatida foydalanish mumkin emas, uning vazifasi undash, toʻgʻri yoʻl koʻrsatish, ragʻbatlantirish, deb tushuntiriladi.
Motivlashtirish vositasi boʻlishi uchun baho odatda nisbiy shakllantiriladi. Agar maqsad butun sinfni “qimirlatish” boʻlsa, alohida olingan bolaning ishi garchand talabga mukammal javob bermasa ham, boshqalarga qaraganda biroz durust boʻlsa, shuni inobatga olgan holda unga koʻtaribroq baho qoʻyish mumkin boʻladi.
Agar maqsad alohida olingan oʻquvchini motivlashtirish boʻlsa, uning natijasi oʻzining avvalgi natijalari bilan solishtirilib, ozgina yaxshi oʻzgarish sezilsa, garchand hali aynan talab darajasida boʻlmasa ham, baho yuqoriroq qoʻyilishi oʻrinli boʻladi.
Shuningdek, pedagogikada partsial baho haqida ham gapiriladi. Buning maʼnosi — oʻquvchining butun ishini bitta baho bilan baholamay, ishning bir qismini alohida ogʻzaki baholab ketish. Masalan, masala notoʻgʻri yechilgan, ammo shartlar toʻgʻri yozilgan yoki formula toʻgʻri qoʻllangan boʻlsa, umumiy bahodan avval shu jihatlarga ijobiy munosabat bildirilishi samarali boʻladi.
Ehtimol, oʻquvchilarga bahoni ozgina ogʻzaki izoh bilan eʼlon qilsangiz, qiziq va noodatiy boʻlar. Masalan, bir oʻquvchiga “bahoingiz shartli toʻrt” desangiz, boshqasiga “sizgayam toʻrt, lekin shartsiz”, yana biriga “sizga besh tarafga moʻralab qarab qoʻyayotgan toʻrt”, boshqasiga “sizga beshning eshigini ochayotgan toʻrt” deyilsa, bitta oʻquvchiga “bu ikki — “men cenga yarashmayman” degan ikki” degan izoh, boshqasiga “bu ikki — “e-he, doʻstim, bizlar koʻpayib ketmadikmi” degan ikki” yoki “bu ikki — “afsus, harakat qilsam boʻlardi-ku” degan ikki” desa boʻlar. Albatta, bunaqa metodikani birorta adabiyotda uchratmaganman, shunchaki, ozgina kreativlik “yoqilib qoldi”.
Jiddiy qilib aytganda esa, baholashda quyidagilarga eʼtibor qaratish tavsiya etiladi:
1. Baholashda butun fikr-zikr oʻquvchini rivojlantirish, oʻstirishda boʻlishi kerak (raqam ortida inson berkitib qolmasligi zarur).
2. Baho birinchi galda oʻqituvchiga dasturning qaysi qismlari yaxshi, qaysilari sayoz oʻzlashtirilganini bilib olish uchun xizmat qiladi, deb tushunish toʻgʻri boʻladi.
3. Baholashda nazoratning iloji boricha xilma-xil shakllaridan foydalanishga harakat qilish muhim.
4. Baholash jarayoniga asta-sekin oʻquvchilarning oʻzini ham jalb etib borish (bir-birini tekshiradigan tartibni sinab koʻrish) mumkin.
5. Bahogʻa yoyiqroq izoh, oʻquvchining ustun va kuchsiz tomonlarini taʼkidlab oʻtish bilan bahoni keltirish bir qator savollarning oldini oladi.
Asosiysi, baho qoʻrqitish va alam olish vositasiga aylanib qolmasligi kerak. Alalxusus, tan olaylik, koʻpchiligimizning turli yaxshi-yomon baholarga toʻla kundaliklarimiz hozir qayerlardadir chang bosib yotibdi-ku 😉…
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)