Pedagogik faoliyat hissiy boʻyoqdor mehnat turlari toifasiga kiradi.
Jismoniy quvvatning ham maʼlum chegarasi boʻlganidek, hissiyotlar bazasi ham cheksiz ummon emas.
Doimiy hissiy ifodalar bilan toʻlib toshgan mehnat pedagogni emotsional toliqtirishi tabiiy.
Toliqish surunkali tusga kirishi oqibatida esa fanda “kasbiy kuyish” deb ataladigan hodisa roʻy beradi.
Pedagog kasbiy kuyish darajasida toliqqanini uyqu va ishtaha buzulishi, tez-tez bosh ogʻrishi va kasalliklarga chalinaverishdan tashqari quyidagi psixologik alomatlar koʻrsatadi:
1.Bolalar va hamkasblarni “koʻrgani koʻz yoʻqligi”, huda-behuda baqiroq boʻlib qolish, hatto, uydagilarga ham baqirishga odatlanish.
2.Mashgʻulot oʻtkazish, uy vazifa tekshirishga nisbatan qattiq ogʻrinib, gʻashlik bilan qarash, muhim ishlar qolib, eʼtiborsiz mayda ishlar bilan oʻralashib yurishga moyil boʻlish.
3.Ishga faqat kun koʻrish uchun ilojsizlikdan boriladigan joy sifatida qarashga oʻrganib, fan, metodika boʻyicha yangiliklar oʻrganishga toqatsiz, eʼtiborsiz boʻlib qolish.
4.Kasbiy faoliyat doirasida uchraydigan odamlarga nisbatan mutlaq befarq munosabatga, ishga faqat rasmiyatchilik koʻzi bilan qarashga oʻtib olish.
Buning oldini olsa boʻladimi?
- dam olish vaqtini qiziqarli mashgʻulot, xobbi bilan oʻtkazish, aqliy va jismoniy mehnatni almashtirib turishga oʻrganish;
- ishdagi noxushliklarni vaqtinchalik holat sifatida idrok etish, kasbiy muvaffaqiyatlar uchun oʻzini maqtash, ragʻbatlantirish;
- har doim hamma ishni “ipidan ignasigacha” bilish, mukammal qilishga intilmaslik, boshqalar bilan doim musabaqalashishga ruju qoʻymaslik;
- eng yaqin muloqot doirasida kasbiy faoliyatga umuman aloqasiz odamlar ham boʻlishiga, ishga tegishli boʻlmagan adabiyotlarni ham oʻqishga intilish;
- ishda shaxsiy hayotdagi muammolarni muhokama etmaydigan, ochiq, pozitiv insonlar bilan muloqot qilishga intilib, yoqimsiz shaxslar bilan salom-alik darajasida muomalani yengilgina cheklash;
- psixologik oʻzini-oʻzi boshqarish metodikalari, mushaklarni boʻshashtiruvchi, yuz sohasini massaj qilish texnikalarini qoʻllash;
- bajarayotgan ishning kundalik detallari, yoqimsiz tomonlaridan koʻra ijtimoiy ahamiyati, insonparvarlik mazmuniga eʼtibor qaratish.
Shunday formula ishlaydi:
Oʻzimiz qilayotgan ishdan maʼno topa olsak, uning past-balandi ham koʻzimizga unchalik koʻrinmaydi.
P.S. Mavzu oʻta jiddiy va ogʻriqli boʻlgani uchun kasbiy kuyish roʻy berib boʻlgan taqdirda qanday yoʻl tutish mumkinligi masalasini alohida keyingi postlarga qoldira qoldik...
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)