Davlat maktabida ishlab koʻrdim. Avval ham dars bergandim. Bunisi boshqacha boʻldi:

Oʻquv markazi, akademiya, xalqaro va xususiy taʼlim dargohlari bilan solishtirish imkoniyatim boʻldi.

Xullas, davlat maktabidagi ayrim shaxsiy xulosalarimni sizlarga ilindim:

1. Ayollar koʻp. Eng qiynalganim hamsuhbatsiz ishlash boʻldi. Xususiydagi hamkasblarimni yigʻlab yuboray deb qumsadim. 80% oʻqituvchilar yoshi katta ayollar. Oʻqituvchilar xonasida oʻzimni "qizlarni yangasi"day his qildim. Erkaklar urushga ketganmi nima balo?!

2. Xususiyda odatda manfaatli suhbatlar qurardik: taʼlim, magistratura, metodikalar, tajriba, oʻquvchilar haqida. Davlat maktabidagi suhbatlarni eshitib, "Oʻzi bu yerda dars oʻtiladimi?", degan savol meni qiynadi.

3. Qogʻozbozlik. Davlat maktabidagi 60% umrim qogʻoz toʻldirish bilan oʻtdi. Oraliq ol. Uni tekshir. Excelʼga kirit. Kundalik ilovasiga yoz. Oraliqni endi tugatsangiz, yakuniy kelib qolarkan)

4. Oylik tushishi. Xususiyda oylik tushish payti xursand boʻlardik, davlat maktabida koʻp ustozlar qoʻrqishar ekan: "Tez yechib ol. Hozir kreditimni yechib oladi!", deb.

5. Xususiyda tushlik mazali boʻlmasa shikoyat qilardik. Davlat maktabida shikoyat qilishmas ekan. Chunki tushlikning oʻzi yoʻq.

6. Direktor opa bilan 3 marta koʻrishdim. 4 marta gap eshitdim. Boshqaruv uslubi — baqir-chaqir qilish. Tanqid qilmayman. 1500 ta oʻquvchi, 200 dan ortiq oʻqituvchilarni boshqarishni oʻzi boʻlmaydi.

7. Tajribali oʻqituvchilarga "Darsimni kirib kuzatinglar, kamchiliklarimni aytinglar", deb iltimos qilsam: menga oʻzga sayyoralikka qaraganday qarashdi.

8. Baʼzi oʻqituvchilarga xususiy maktablardan katta maoshga taklif tushsa rad etisharkan. Fidoyilik emas. "U yerda darsimni kuzatishadi, har doim darsga tayyorlanish kerak", deb komfort zonadan chiqishni istashmas ekan.

9. Oʻqituvchilar xonasi — nazorat ishini tekshirish; printer esa nazorat qogʻozlarini chiqarish uchun xizmat qilarkan. Darsga tayyorlanayotgan oʻqituvchilarni deyarli koʻrmadim. Uyda tayyorlansa kerak-da..

10. Ustozni ishga olayotganda diplomi toʻgʻri kelishi, dars jadvaliga mos tushishi, 45 daqiqa bolalarni ushlab oʻtira olishi, maktabdan yil oxirigacha ketib qolmasligiga qarashar ekan. Bilimi, til bilishi, tajribasi, loyihasi qiziq emas.

P.S: Hamma maktablar unday emas. Xususiydan-da sifatli taʼlim beradigan maktablarni koʻrdim.

Post tanqidiy ruhda. Ijobiy xulosalar haqida keyinroq yozaman.

P.S.S: Haqiqiy fidoyi ustozlar ham bor. Hamma ustozlar shunday deyishdan yiroqmiz.