Ham oflayn, ham online dars beruvchi ustoz sifatida aytaman — online dars oʻtish koʻproq mahorat talab qiladi.

Oʻquvchini koʻrmaysiz, auditoriyani his qilish qiyinlashadi, tez zeriktirib qoʻyish mumkin, ustozning xarizmasi ham pasayib ketadi. Shu sabab online darsni interaktiv va jonli qilish ustida alohida ishlash kerak.

Online darslar asosan ikki turga boʻlinadi:

1. Sinxronik — jonli online dars

2. Asinxronik — yozib olingan video darslar

Online darslarni samaraliroq qilish uchun baʼzi tavsiyalar:

1. Chatdan faol foydalaning

ZOOM yoki Telegram videochatda dars oʻtsangiz, chatni faollashtiring. Chatga yozilgan javob — sinfdagi qoʻl koʻtarish bilan teng. Darsni qismlarga boʻlib, har bir qism orasida qisqa savol-javob yoki yozma muhokama qiling. Oʻquvchi faqat tinglovchi emas, faol ishtirokchi boʻlsin.

2. Ovoz sifatiga jiddiy eʼtibor bering

Online dars muvaffaqiyatining katta qismi — ovoz sifati. Mikrofon sifati past boʻlsa, eng zoʻr prezentatsiya ham samarasiz boʻlib qoladi. Koʻpchilik kameraga eʼtibor beradi, lekin ovozni unutadi.

3. Breakout roomlardan foydalaning

ZOOM premiumʼdagi breakout room funksiyasi juda foydali. Oʻquvchilarni kichik guruhlarga ajratib, muhokama yoki juftlikda ishlash topshiriqlarini bering. Har bir guruh oʻz fikrlarini yozib borishi interfaollikni oshiradi.

4. Dars oxirida qisqa konspekt qildiring

Dars davomida oʻtilgan asosiy gʻoyalarni oʻquvchilarning oʻziga qisqacha yozdiring yoki ayttiring. Bu bilimni mustahkamlaydi.

5. Iloji boʻlsa, kameralarni yoqdiring

Oʻquvchini koʻrish auditoriyani his qilishga yordam beradi. Bu online darsdagi masofani biroz qisqartiradi.

6. Darsdan oldin qisqa video yuboring

Mavzuni oldindan yozib olingan video orqali yuboring. Oʻquvchi darsga tayyor holda keladi. Jonli darsda esa tushunmagan joylarini muhokama qilish, misollar ishlash va savollarga koʻproq vaqt ajratish mumkin.

7. Slaydlarga uzun matn joylamang

Gapiradigan matningizni slaydga toʻliq yozish — xato. Slaydda qisqa va muhim kalit fikrlar boʻlsin. Oʻquvchi bir paytda ham oʻqib, ham tinglay olmaydi.

8. Video darslarda ortiqcha sekin gapirmang

Yozib olinadigan video darslarda meʼyoriy temp muhim. Juda sekin nutq tinglovchini zeriktiradi. Tushunmagan joyini oʻquvchi qayta koʻrib olishi mumkin.

9. Vizual materiallardan foydalaning

Gapirayotgan maʼlumotga mos rasm, diagramma yoki slayd qoʻshing. Miya eshitish va koʻrish birgalikda ishlaganda maʼlumotni yaxshiroq eslab qoladi.

10. Qoʻl harakatlari va mimikadan foydalaning

Online darsda ustozning xarizmasi tabiiy ravishda pasayadi. Buni qoʻl harakatlari, yuz ifodasi va energiya bilan qoplash mumkin.

11. Kamerada toʻgʻri joylashing

Kadr markazida oʻtiring, yuz va qoʻl harakatlaringiz koʻrinadigan boʻlsin. Juda uzoq yoki juda yaqin kamera ham noqulay koʻrinadi.

Xullas,

Online dars — shunchaki kamerani yoqib gapirish emas. U alohida metodika, energiya va reja talab qiladi.

Postni online dars beruvchi ustozlarga ulashib qoʻyamiz.