Jips jamoaning bosh belgisi qanday? Birdan xayolga nima keladi — odamlar ahil, janjallar yoʻq, oʻzaro hurmat, oʻzaro yordam. Bular tashqaridan koʻrinadigan alomatlar xolos.

Psixologik jihatdan guruh jipsligi uning aʼzolari shu guruhga mansub ekanlikdan qanchalik ichki qoniqishga egaligi bilan oʻlchanadi.

Maktab sinfi jamoasida shunday muhitni kuchaytirish uchun trening usullari qoʻl kelishi mumkin.

“Yetti shart” – guruhiy muloqot qadriyatlarini anglash mashqi.

Sinfga koʻrsatma: “Hozir 7 guruhga (oʻquvchilar sonidan kelib chiqib 5-6 boladan) boʻlinamiz. Har bir guruh 15 daqiqada sinfdagi muloqot chiroyli va yoqimli boʻlishi uchun qanday 7 shart bajarilishi kerakligini yozib chiqadi (masalan, gapni boʻlmasdan tinglash, mazax qilmaslik, birov bilan solishtirmaslik, samimiy boʻlish, xohlamaganni majbur qilmaslik, oʻzini kamtar tutish, behuda tanqid qilavermaslik).

Soʻngra guruhlarga yana 5 daqiqada ushbu shartlar roʻyxatidagi qaydlarni ahamiyat darajasiga koʻra raqamlab chiqish taklif etiladi (7 shartdan eng muhim, deb hisoblangani 1-oʻrin, undan ahamiyati biroz pastrogʻi 2-oʻrin va hokazo 7-oʻringa qadar).

Muhokama jarayoni. Har bir guruhga oʻz reyting roʻyxatini oʻqib berish taklif etiladi. Bu oʻrinda shartlarni tanlashda oʻquvchilar nimaga asoslangani, qaysi bandlar bir ovozdan tasdiqlangani, va aksincha, qaysilari eng koʻp baxslarga sabab boʻlgani muhokama etilishi oʻrinli.

Barcha 7 guruhning roʻyxatida 1-oʻrindagi shartlar oʻqituvchi tomonidan alohida roʻyxat qilib chiqiladi (qaysidir holat bir necha guruhda takrorlansa, koʻpchilik guruhlarning roʻyxatida 2-oʻrinni egallagan qayd yakuniy sinf roʻyxatiga olinadi).

Xulosalash. Yakuniy birinchi oʻrindagi shartlar roʻyxatining oʻzini muhokama qilib, asosiy eʼtiborni bu roʻyxat barcha guruhlar birinchi oʻringa qoʻygan shartlardan tuzilgani, bu yerda endi birlamchi roʻyxatlardan farqli oʻlaroq birinchi, ikkinchi, uchinchi degan oʻrinlar yoʻqligi, har bir shart asosiy ekaniga urgʻu beriladi.

Albatta, bu kabi usullar koʻproq sinf soatlarini qiziqarli va foydali oʻtkazish uchun qoʻl keladi. Fan oʻqituvchilari, ehtimol, bu jarayondan oʻzini biroz chetda his etar.

Biroq bugungi fan oʻqituvchisiga, vaqt-soati bilan sinf rahbarligi yuklanmasligini bizning tezkor zamonimizda hech kim kafolatlay olmaydi.

Shunday ekan, “Ustoz kundaligi” xazinasiga tortirmay qoʻl uzatib, sekingina hozircha pedagogik zahira “sandiqchasiga” tashab qoʻysangiz, birov sizdan hafa boʻlarmidi. Boz ustiga minnatdorchilik ramzi oʻlaroq baribir “layk” bosgan boʻlsangiz...

Davomi bor.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)