Shu bahonada ajdodlarim haqida koʻp qiziq maʼlumotlarni bilib oldim:
• Buvim onam eslarini taniganlaridan beri doimo namoz oʻqigan ekanlar. Odatda uyda berkinib oʻqishgan ekan. Hech kimga: “Namoz oʻqishimni aytib qoʻymanglar”, deb onamga qattiq tayinlagan ekanlar.
• Juda ayanchli bir hikoya: buvimning onalari saraton kasali boʻlib, oʻlim toʻshagida yotganlarida buvimga ularni koʻrishga ruxsat berishmagan ekan. Qaynonalari: “Bolalarga yuqtirasan”, deb yubormagan ekanlar. Saratonni yuqumli kasallik deb oʻylashgan ekan. Eng qizigʻi, keyinchalik ularni yubormagan qaynonalarining oʻzlari ham saraton kasalligidan vafot etgan ekanlar.
• Buvimning onalari vafot etganlaridan keyin otalari ikkinchi marta uylangan ekanlar. Eng qizigʻi, otalariga sovchilikka buvimning oʻzlari borib, uylanishlariga sababchi boʻlgan ekanlar.
• Bobom bilan buvim ikkovlari ham oʻqituvchi boʻlishgan ekan. Pedinstitutda oʻqishgan va maktabda tanishishgan ekan.
• Buvim universitetga hozirgi Hasanboy hududidan Xalqlar doʻstligigacha piyoda qatnar ekanlar. Ertalab soat 04:00 da yoʻlga chiqib, 08:00 ga oʻqishga yetib borishgan ekan.
• Bobom va buvim juda daromadli, kuchli pedagoglar boʻlishgan ekan. Bobom mahallada birinchi boʻlib mashina sotib olgan ekanlar. Hatto: “Mashinani qaysi pulga oldingiz?” deb hokimiyatdan kelib tekshirishgan ekan.
• Buvim xoʻjalardan, bobom esa mirlardan boʻlgan ekanlar. Shu sababli buvim tomondagilar ularning bobomga turmushga chiqishiga qarshilik qilishgan ekan.
Eh, inson oʻz tarixini oʻrganishi qiziq-da)