Hayot – eng buyuk stsenariynavis. Shoshqator “Oskar” haykalchalariga sazovor filmlar stsenariysi ham hayot yozadigan stsenariylar oldiga tusha olmaydi. Zamondoshimiz boʻlmish bir ustoz boshiga tushgan “sarguzashtlar” bunga misol.

Qahramonimiz Igor Arapov, uzoq yillar tsirkda akrobatlar jamoasi bilan, keyinchalik tosh koʻtarish oʻyinlari bilan tomoshalar qoʻygan, orada ayiq parvarishiga ham yordam bergan. Tabiiyki, abjirlik va jismoniy kuch ham shunga yarasha...

Shu yilning 27 yanvarida uy qurish rejasida yurgan tsirkchi kechki vaqt bir yerni koʻrgani boradi. Joy ovloqroq, qosh qorayib qolgan payt boʻladi. Ortga qaytayotganda uni uch nafar fuqaro kiyimidagi odam biror hujjat koʻrsatmay oʻzini politsiyachi, deb toʻxtatadi.

Keyinchalik maʼlum boʻlishicha, ular shu atrofda giyohvand moddalarni yashirib yurgan odamlarni izlab yurgan formasiz hodimlar boʻlishadi. Ammo forma va hujjat koʻrmagan Igor Arapov ularni shunchaki bezorilar, deb tushunadi. Oqibatda ularning kuch ishlatishiga qarshilik koʻrsatadi – birining tishi sinadi, birining qoʻli lat yeydi.

Yordamchi kuchlar kelib, axiri qahramonimizni jilovlashadi. Sud hokimiyat vakiliga qarshilik koʻrsatish moddasi bilan aybli, deb topadi va kattagina jarima belgilaydi.

Igor Arapov dastlab oʻzbekcha aytganda “oʻynashmagin arbob bilan...” tamoyiliga koʻra, baribir politsiyaga qarshi haqligini isbotlashiga koʻzi yetmay jarima toʻlashga rozi boʻladi. Ammo shu kunlarda endi oxirgacha adolat talab etishga ahd qilibdi ekan.

Bu odamni kurashga undagan sabab nima?

Asosiy sabab – bordi-yu tarjimai holiga jinoiy ish tamgʻasi bosilsa, unga ayni vaqtdagi sevimli mashgʻuloti – maktab oʻquvchilari bilan yogʻoch oʻymakorligi boʻyicha toʻgarak mashgʻulotlarini oʻtkazishga cheklov tushib qolar ekan.

Agar haqiqat Igor Arapov tomonida boʻlsa, bu odamda chinakam ustoz uchun zarur asosiy sifat bor, deb xulosa qilish mumkin.

Boshqacha qilib aytganda:

a)bolalar bilan muloqotda boʻlish;

b)bolalarni oʻzingizga qiziq boʻlgan mashgʻulotga jalb etish

siz uchun qadrli boʻlsa, feʼlingiz pedagogikaga loppa-loyiq ekan!

Pedagogika deb atalmish “toʻnning” shu ikki yengi – “a” va “b” ga qoʻlingizni solib, “toʻnni” oʻlchab koʻring va oʻzini-oʻzi anglash “koʻzgusi” qarshisiga keling, koʻp savollaringizga javob topsangiz, ajab emas.

Material “Vesti. Dejurnaya chast” koʻrsatuvining 2025 yil 12 iyuldagi soni asosida P.S.Ergashev tomonidan tayyorlandi.