Psixiatr Erik Bernening “Games People Play” – insonlar oʻynaydigan oʻyinlar kitobini oʻqiyapman.
Asosiy gʻoya: odamlar ongli va ongsiz ravishda turli psixologik "ijtimoiy oʻyinlar" oʻynaydilar. Bu oʻyinlar orqali odamlar eʼtibor, kuch, isbot, boshqaruv yoki yaqinlik olishga harakat qilishi keltirilgan.
Soddaroq aytganda: inson oʻz nafsini qondirish uchun oʻzgalarga ishlatadigan psixologik hiylalar haqida.
Eʼtiborimni tortgani – “Alcoholic”: “spirtli ichimlikka qaram” ijtimoiy oʻyini boʻldi.
Bosh rollarda:
1. Ichkilikka berilgan odam
2. Ayblovchi
3. Qutqaruvchi
4. Ishonuvchi – sodda
5. Bogʻlovchi
Tushunish osonroq boʻlishi uchun, oʻzbekcha variantda tushuntiraman.
Eshmat ichkilikka berilgan odam. Doimo ichadi. Uning ichishini “ayblovchi” rolidagi xotini Gulchapchap doimo tanqid qiladi.
Eshmat qarzga botib, araqqa pul izlaydi. Shunda “sodda” onasi – Maʼgʻfirat onani: “Xotinim kasal”, deb aldaydi. “Ishonuvchi” ona ham pul beradi.
Eshmat ichishda davom etadi. Shunda uning “qutqaruvchi” doʻsti – Toshmat unga nasihat qiladi. Uni bu yoʻldan olib chiqishga kirishadi. Doktorga olib boradi. Davolaydi.
Ikkinchi “qutqaruvchi” rolidagi amakisi – Boltavoy aka esa uning hamma kreditu qarzlarini yopib beradi.
Eshmat 6 oy ichmaydi. Xursand boʻlmang. 6 oydan keyin Eshmat aroq sotuvchi, dardkash doʻsti – Teshavoyni koʻrib qoladi. Bu — “bogʻlovchi” vazifasini bajaradi. Aroq ichish kayfi yana esiga tushadi. Ichishni yana boshlaydi.
Xuddi shu stsenariy:
Ichadi → tanqidga uchraydi → pul oladi → qarz boʻladi → unga yordamga kelishadi → qarzlari yopiladi → hammasi yaxshidek koʻrinadi → esga tushadi → oʻyin qaytadan boshlanadi.
Tashqaridan qaraganda oʻyinimizda 2 salbiy, 3 ta ijobiy qahramon bordek koʻrinadi.
Ammo Erik Berne ijobiy qahramonlar ham yordam berish nomi bilan, aslida ichki nafsoniy shahvatini qondiryotganini keltirib oʻtadi.
Keling, barcha qahramonlarning tashqi va ichki maqsadlarini koʻrib chiqamiz:
1. Ichkilikka berilgan odam:
Tashqi koʻrinishda: “Ichishni bas qilolmayapman, yordam kerak”, “Hayot ogʻir, ichmasam boʻlmaydi” degan signal yuboradi.
Ichki maqsadi: Masʼuliyatdan qochish. Eʼtibor. Diqqat markazida boʻlish. Achinish, kechirim olish. Bechoralik orqali odamlarni harakatga keltirish.
2. Ayblovchi:
Tashqi koʻrinishda: “Men uni toʻgʻri yoʻlga qaytarmoqchiman.”
Ichki maqsadi: Ichidagi gʻazabni chiqarish. Boshqalar aybiga qarab, oʻz aybidan chalgʻish. Oʻzini ustun his qilish.
3. Qutqaruvchi:
Tashqaridan: “Men unga yordam bermasam, u halok boʻladi.” “Yaxshi niyat bilan harakat qilyapman.” Amri maʼruf qilyapman.
Ichkaridan: Oʻzini qahramon, kerakli his qilish. Boshqani toʻgʻri yoʻlga chaqirish orqali oʻzini toʻgʻri yoʻlda deb hisoblash zavqi.
4. Sodda – ishonuvchi:
Tashqaridan: “Bechora, unga yordam beryapman.”
Ichkaridan: Oʻzini mehribon koʻrsatish. Yordam berish evaziga oʻz qadrini oshirish. Eʼtirof olish. Qaramalik, rad etilishdan qoʻrquv.
5. Bogʻlovchi:
Tashqaridan: “Ehtiyojmandga yordam beryapman.”
Ichkaridan: Oʻzini qadrli his qilish. Qabih ishiga sherik topish. “Bitta men emasman-ku” qabilida vijdon azobini yengillashtirish.
Eng achinarlisi:
Barcha ishtirokchilar oʻyin qayta-qayta davom etishini istashadi.
“Oʻyinlar takror-takror oʻynaladi. Ular tasodifiy emas. Odamlar ularni oʻynashda davom etadilar, chunki ular bundan yashirin nafsoniy foyda olishadi.”
— Erik Berne
Xullas, odamlar har xil oʻyin oʻynaydi. Koʻp holatda, aslida, oʻz nafsimiz uchun amal qilganimizni sezmay qolamiz.
Ixlos naqadar ham buyuk neʼmat-a?
P.S. Kitob Amerikada yozilganini hisobga oling. Albatta, qadriyat va madaniyatlar orasida tafovut bor, doʻstlar.
Postdan maqsad: ongsiz ravishda shahvoniy oʻyinlarga qoʻshilib qolishdan qaytarish edi.
Postni yozar ekanman, qiyomatda — olim, shahid, saxiy boy niyati egri boʻlgani uchun doʻzaxga uloqtirilishi haqidagi hadis yodimga tushdi...
Oʻyinlardan ehtiyot boʻlaylik!