Taʼtildan foydalanib, IELTSʼimni yangilamoqchiman. Uyda tayyorlanib oʻtirgan edim, 7-sinfda oʻqiydigan jiyanimning kitobiga koʻzim tushib qoldi.

Qarasam, men tayyorlanayotgan IELTS kitobini oʻqiyotgan ekan.

Hayron qoldim. Oʻzini chaqirib suhbat qilsam, darajasi elementary bosqichida. Ammo IELTS oʻqiyapti. Qanday qilib shu bosqichgacha yetib kelganini tushunmayapman.

Bu birinchi marta emas. Boshqa jiyanim ham reklamalarda juda mashhur boʻlgan oʻquv markazida bir yilda IELTS kursini tugatib qoʻygan.

IELTS darajasini "tugatgan" boʻlishiga qaramay, uning ham asl darajasi pre-intermediate edi.

Bolaning oʻzi rivojlanmay, faqat "unvoni" oʻsib ketaverishi menga gʻalati tuyulyapti.

Axir til tanaga singishi, amalda sezilishi kerak boʻlgan narsa emasmidi?

Endi ularga "asl darajangdan boshlab oʻqi" desangiz, oʻzini yerga urilgandek his qiladi. Hatto oʻzini haqiqatan ham ingliz tilida yuqori darajadaman, deb hisoblaydi.

Oʻzi ingliz tilida har bir darajaga 3 oy ajratilishining ilmiy asosi bormi?

Yoki men nimadadir xato qilyapmanmi?

Fikringiz men uchun muhim.