Empatiya – oʻzga shaxs his-tuygʻulari, dard va quvonchlarini inson oʻzida his qilishi, hamdard, hamhol boʻlishi (achinish, qaygʻurish, kuyinish va sevinishi), koʻmaklashish yoki quvonchiga sherik, xayrixohlik istagining paydo boʻlishidir.
Quyidagi ikkalasi jamlansa empatiya toʻliq boʻladi:
• Boshqaning dard yoki quvonchini oʻzida his qilish
• Boshqaga dalda berish yoki xayrixoh boʻlish
“Eng buyuk inson oʻzini eng koʻp insonlar oʻrniga qoʻya olgan kishidir” Jeyn Adams.
Empatiya har bir shaxsda qaysidir oʻlchovda mavjud va irsiy omilga ham bogʻliq, ammo uni rivojlantirish mumkin:
Germaniyaning Maks Plank Instituti xodimi T. Zinger va jamoasi oʻtkazgan tadqiqoti natijasida, muntazam va maqsadli shugʻullanish orqali irsiy mavjud boʻlgan empatiyani uzoq muddatga oshirish mumkinligini aniqladi. Tajribalarda miyaning empatiya uchun javobgar boʻlgan qismi xayrixohlik amaliyoti natijasida kuchayganligi kuzatilgan.
Empatiyani rivojlantirishda quyidagilarga eʼtibor berish kerak:
1. Eshitishni oʻrganish
2. Notanish insonlar bilan muloqotga kirishish
3. Bolaligingizdagi hissiyotlarni eslash
4. Muammoga oʻquvchi nuqtayi-nazaridan qarash
5. Yuz va koʻz imo-ishoralari (mimika)
6. Badiiy adabiyotlar oʻqish
7. Stress holatida muloqot qilishni mashq qilish
8. Birgalikda oʻyinlar oʻynash yoki tomosha qilish
9. Diqqat, eʼtibor qaratishni mashq qilish
10. Koʻngillilik (volontyorlik) faoliyati va ziyorat
Qizigʻi, odatda, empatiya darajasi pedagogik ish stajiga teskari mutanosib (proportsional) boʻlar ekan. Chunki uzoq muddat taʼlim sohasida ishlash kishida turgʻunlik (stagnatsiya) holatini keltirib chiqaradi.
Empatiyani rivojlantirish uchun oʻqituvchilarga quyidagi mashqlarni tavsiya qilish mumkin:
1. Oʻzingizning va oʻquvchilaringizning hissiyotlarini daftarga mudom qayd eting. Biror holat yoki vaziyatga nisbatan ularning hissiy munosabatlarini yozib boring.
2. Sizga yaqin boʻlgan hamkasbingizdan shaxsingizning SWOT-tahlilini qilishini soʻrang. Kuchli, zaif tomonlaringiz, imkoniyat va xatarlar boʻyicha tahlil oʻtkazing. Siz ham oʻz oʻquvchilaringizdan ayrimlarining shaxsiga doir SWOT-tahlilini qiling.
3. Oʻzingiz qoʻllanadigan noverbal munosabatlaringiz roʻyxatini tuzing va kun davomida qaysilarini qancha ishlatganingizni tahlil qiling.
4. Har haftada 2 ta oʻquvchi muammosini eshitishni mashq qiling.
5. Haftada bir marta millati, dini yoki dunyoqarashi boshqa boʻlgan inson (biror oʻquvchining ota-onasi boʻlsa yanada yaxshi) bilan samimiy muloqot olib boring.