Dunyo koʻz-qulogʻi boʻlib qolgan internet tarmogʻining, chamasi, bugun hech kim sonini aniq aytolmaydigan son-sanoqsiz yangilik xabarlaridan iborat bir sahifasiga koʻzim tushdi.
Eʼtiborim tushgani ham maqola sarlavhasida “murabbiy”, “oʻzbekistonlik olimpiada oʻyinlari ikki karra gʻolibi”, “umrbod chetlatiladi” degan soʻzlar borligi sabab boʻldi, shekilli.
Maqoladan anglashilgani shuki, koʻp yillik bolalar sport murabbiysi sud qarori bilan umrbod ustozlik qilish huquqidan mahrum etilibdi. Bu “baxtiqaro” nima qilib qoʻyibdi ekan, deb rosa dahshatli stsenariylarni xayolingizga keltirib dilingizni xira qilishga shoshilmang.
Sud qaroridan bilganimiz – ustozga qoʻyilgan asosiy ayblov sport mashgʻulotlariga kelgan ayrim ortiqcha vaznli bolalarga “Buncha semizsan”, “Kamroq yesang boʻlmaydimi”, “Bunaqa vazn bilan katta natijalarga erisholmaysan” kabilidagi murojaat qilinishida ekan. Bir qarashda ustoz bolalarni yaxshi tomonga oʻzgarishi uchun turtki berayotganday koʻrinadi.
Bu yerda qariyib yuz yil avval psixologiyada paydo boʻlgan bixeviorizm taʼlimoti oʻrgatgan tajriba – odamni biror xatti-harakatni bajarishga odatlantirmoqchi boʻlsang, bu harakatni bajarganida quvvatlovchi ragʻbatni berishing kerak, degan gʻoyasi yodga keladi.
Zamonaviy psixologiya fani ustunlaridan biri boʻlmish bixeviorizm taʼlimoti otalari oʻrgatganidek odamning maʼlum harakatlarini quvvatlov musbat yoki manfiy boʻlishi mumkin.
Masalan, oʻqituvchi oʻquvchiga “Sheʼrni toʻliq yodlab berganlar yozma ishdan ozod qilinadi”, “Umuman dars qoldirmagan oʻquvchilarning ota-onasiga tashakkurnoma beriladi”, “Eng ozoda sinf maktabga namuna qilib koʻrsatiladi” deb, yaʼni musbat quvvatlov – nimanidir berish ehtimoli bilan murojaat qilish bor.
Aksincha, nimadandir mahrum qilish havfi – “Kechikkanlar kiritilmaydi”, “Ikkichilar sinfdan-sinfga oʻtkazilmaydi”, “Sheʼr yodlab kelmaganlarning chorak bahosi past chiqadi” kabi manfiy quvvatlov ham mavjud. Taassubki, goʻyo maqsad bir boʻlgani bilan, bixeviorist tadqiqotchilar izlanishlaridan musbat quvvatlov samarali natija berishi isbotlangan. Toʻgʻri, manfiy quvvatlov ham tezkor effekt beradi. Ammo bu yoʻldan borib hosil qilingan sifatlar tez paydo boʻlgani bilan natija davomiy boʻlmas ekan-da.
Yuqoridagi nazariy mulohazalardan shuni anglaymizki, gap avvalida eslaganimiz – umrbod sport murabbiyligidan mahrum etilgan ustoz agar “Ozmasang, musobaqaga olib bormayman” degandan koʻra “Musobaqaga chiqish uchun ortiqcha vazndan qutilish kerak boʻladi” deganida yoki “Bunday yeyishingda chempionlikni xayolingga keltirma” oʻrniga “Chempionlikka erishay desang, ovqatlanish tartibini qayta koʻrib chiqish kerak” deganida, ehtimol, sud zalining “toʻrini” emas, baxtiyor oʻquvchilari davrasini bezatib turarmidi?!
Demak, muhim xulosa: berish ehtimoli bilan oʻquvchini harakatga keltirish, bermaslik havfi bilan qoʻrqitishdan afzalroq!
P.S. Psixologik jihatdan toʻgʻri ragʻbatlantirish qoidalari haqida keyingi postlarimizda alohida toʻxtalib oʻtish rejamiz bor.
Psixologiya fanlari doktori — Poʻlat Ergashev