Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim” qissasida shunday lavha bor:

Maktabga borishda ustoz shimining pochasini shimarib, oʻquvchini opichib soydan oʻtkazib qoʻyadi.

Ha, endi bu bir badiiy obraz, yozuvchining fantaziyasi-da, deguvchilar topiladi, albatta.

Bundaylarga Hindistonning Annakayan okrugi Perumbalam qishlogʻi oʻrta maktabida matematikadan dars beradigan Abul Malik ustozning hayotini misol qilsa boʻladi.

Qariyib 22 yil davomida (1992 yildan 2014 yilgacha) Abdul Malik ustoz darslarga kechikmay borish uchun Kadalundi daryosini tubidan piyoda kechib oʻtadi.

Yarim soat avtobus kutish va aylanma yoʻl bilan yana ikki soat yurishdan vaqtini qizgʻongan ustoz eniga ancha keng, chuqur joylari boʻyinga qadar keladigan daryodan oʻtib qoʻya qolarkan.

Beliga mashina balonini kiyarkan, polietilen paketga kiyimini solib, boshi uzra koʻtarib har tong shu usulda daryo kechib, sohilda kiyinib olib, qolganiga 10 daqiqada maktabga yetib olarkan.

Ustozning soʻzlariga qaraganda bu noqulayliklik maktabga yetib, bolalar uni qurshab olgan zahoti unut boʻlib ketarkan.

2014 yil Abdul Malik ustoz haqida turli nashrlarda maqolalar chiqqach, xorijlik bir shifokor nihoyatda taʼsirlanib, oʻqituvchiga oʻta chidamli materialdan ishlangan qayiq sovgʻa qilibdi.

Abdul Malik sovgʻani minnatdorlik bilan qabul qilib, hatto, politexnika kollejidagi ustozlardan biri bilan qayiqni bu daryoda boshqarishning samarali usuli boʻyicha maslahatlarni boshlab yuboradi.

Albatta, bizdan olisda, dunyoning qaysi bir tarafida oddiy qishloq maktabi oʻqituvchisi hayotidan turlicha saboq olish mumkin.

Shaxsan bizning eʼtiborimizni yillar davomida kechirilgan qiyinchiliklarga nisbatan olganda aslida arzimas bir sovgʻaga bevosita Abdul Malik ustozning munosabati oʻziga tortdi.

Uning qayiqdan ilhomlanib, daryoning ikki qirgʻogʻi oʻrtasida qalin temir tros tortish va shu tariqa osonroq suzib oʻtish rejalaridan taʼsirlanmay boʻlmaydi.

Ehtimol, moddiy nafsiga berilib ketganda qayiq oʻrniga avtobus olib bermaydimi, koʻprik qurib bermaydi, deb norozi boʻlib yurishi mumkin edi.

Ammo unda ustozning oʻn yillab daryo kechishi shunchaki riyo boʻlib chiqardi.

Formula tilida aytganda:

Sovgʻa motivatsiyasi ustunmi = faoliyatda riyo hidi oʻtkir;

Sovgʻaning qiymati eʼtiborsizmi = riyo hozircha jilovda.

P.S. Katta bir tashkilotning xodimlar boʻlimi boshligʻi aytib bergandilar. Bir muddat qoʻllarida avval maktabda kotiba boʻlgan yosh qiz ish yurituvchi sifatida ishlagan ekan.

Har yili 1 oktyabrda chuqur hoʻrsinib, oʻychan qiyofada “Qaniydi, hozir maktabda boʻlsam, rosa sovgʻaga koʻmilardim” dermish...