Uch yoshdan kichik bolalar ham odatda yolgʻonni bildirib qoʻyadigan imo-ishoralarni koʻrsatmay, yaʼni yolgʻonni niqoblab, aldashga qodir boʻlarkan.

Kuzatuvlardan maʼlumki, bola yolgʻonlari koʻpincha jazolanish ehtimolidan saqlanish usuli boʻlib xizmat qiladi.

Xususan, bolaga qoʻllanadigan jazo darajasi qanchalik ogʻir boʻlsa, yolgʻonning koʻlami va ogʻirligi ham shunchalik yuqori boʻladi.

Boshqacha aytganda, yolgʻon ham oʻzgaruvchan tashqi muhitga moslashishning oʻziga xos usuli sifatida xizmat qiladi.

Bundan ota-ona va tarbiyachilarga amaliy xulosa:

Bola yolgʻon gapira boshladimi, demak, tegishli vaziyatlarda oʻzini xavfsiz his etmayapti.

Bu mantiqqa koʻra, bolaga uning xavotirlari oʻrinsiz ekanini koʻrsata olsak, bu bilan yolgʻonga oʻzini himoya qilish vositasi sifatida murojaat etish zaruratini susaytirgan boʻlar edik.

Nimani yolgʻon deb tushunish ham yoshga bogʻliq ekan:

- 5 yoshli bolalar yolgʻon deganda har qanday notoʻgʻri maʼlumot beriladigan vaziyatni tushunadilar;

- taxminan 7 yoshga kelib, bolalar odam birovni atayin emas, bexosdan chalgʻitib qoʻygan holatni yolgʻon ishlatilgan vaziyat deb baholamay qoʻyadi;

- 11 yoshli bolalar 9 yoshli bolalardan farqli ravishda biror narsani bila turib, indamay qoʻya qolishni xuddi shunday yolgʻon vaziyati sifatida tushunmaydi

5 yoshli bolalardan farqli oʻlaroq 11 yoshli bolalar yaxshilik maqsadida qilingan yolgʻonni endi yolgʻon deb bilmaydi;

Mutaxassislar ota-ona va pedagoglarga bola feʼl-atvorida yolgʻon ishlatishdek zararli odat chuqur ildiz otib ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun quyidagilarga alohida eʼtibor qaratishni tavsiya etadilar:

1)bola yolgʻoniga duch kelganda asosiy eʼtiborni yolgʻon ishlatilgan vaziyatga emas, shu vaziyatni yuzaga keltirgan sabablarga qaratish aqlliroq ishdir;

2)“bilganing faqat yolgʻon”, “aldaganing aldagan”, “rost gapirganingni ham eshitarmikanmiz” kabi tamgʻasifat mulohazalardan foydalanmaslik;

3)tarbiyaviy ishlar individual oʻtkazilishi samaraliroq boʻlib, bunda ishni “avvaldan bekor qilingan tanqid” uslubida, yaʼni bola, albatta, muvaffaqiyat qozonishi, yolgʻondan qutila olishigi umid namoyon etish orqali unda oʻziga ishonchni uygʻotish muhimdir;

4)bolalar yolgʻonchiligini toʻgʻrilashda uning ham aqliy, ham emotsional-motivatsion sohasiga taʼsir koʻrsatish, yaʼni tarbiyaviy taʼsirni verbal va harakat yoʻnalishida amalga oshirish (masalan, yolgʻonchi bolaga biror oʻyinda shunchaki boshqalar nazoratchisi emas, balki qolganlarga toʻgʻri ish qilishni oʻrgatuvchi oʻqituvchi, maslahatchi qilib tayinlash toʻgʻri boʻladi.

Bir soʻz bilan aytganda, yolgʻon va yolgʻonchilik ham yaxshi inson tarbiyasi yoʻlida ota-ona va pedagoglar oldidan chiqadigan koʻp sonli davonlardan biridir.

Uni yengib oʻtish ham ulkan sabr-toqatni va hayotiy donishmandlikni talab qiladi.

Bu jabhadagi kurash ham oson kechmasligi aniq. Axir bu haqiqiy inson uchun tarbiya maydonlarida kechadigan ogʻir janglarning biridir.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)