Shubhasiz, ota-onaning tarbiyasi bolada iqtisodiy tasavvurlarning shakllanishida hal qiluvchi omil boʻladi.

Amerikalik psixolog tadqiqotchi A.Mettyuzning aniqlashicha, pulga nosogʻlom munosabatda boʻlish shaklida ifodalanadigan psixologik nuqsonlar (oʻta xasislik yoki isrofgarchilik, qimor oʻyinlariga moyillik, kleptomaniya va b.) ning shakllanishi oiladagi iqtisodiy tarbiya xususiyatlari bilan bogʻliq.

Psixolog tadqiqotchilar K.Devis va R.Teylor oʻzlarining “Kids and cash” (“Bolalar va pul”) nomli kitobida bolalarga mayda harajatlar uchun pul berish muammosi yuzasidan quyidagilarni tavsiya etadilar:

1.Bolaga mayda harajatlar uchun pul 6-7 yoshdan berilishi mumkin;

2.Bolaga avvaldanoq pul nima uchun berilayotganini tushuntirish va berilgan pul bolaning aynan qanday harajatlari uchun sarf qilinishi mumkinligini u bilan kelishib olish zarur;

3.Bolaga berilayotgan pul miqdori muayyan meʼyorlarga ega boʻlishi, bola ulgʻaygan sayin oshirib borilishi kerak;

4.Kichkina bolalarga pulni har hafta aynan bir kunda, oʻsmir yoshdagi bolalarga oyda bir marta berish mumkin;

5.Bolaga pulning berilishi uning xylq-atvori va maktabda oladigan baholariga bogʻliq boʻlmasligi, jazolash vositasi sifatida qoʻllanmasligi kerak;

6.Bolaga berish uchun belgilangan pul miqdori bola avval berilgan pulni barvaqt ishlatib yuborgani munosabati bilan oshirilmasligi lozim;

7.Pulning sarf qilinishini bolaning oʻz ixtiyoriga qoʻyib maqsadga muvofiq boʻladi;

8.Uyda bolaning maxsus ragʻbatlantirishsiz ham bajaradigan ishlari (taʼbir joiz boʻlsa, “tekinga” qilib beradigan ishlari) boʻlishi kerak;

9.Har yili (yaxshisi bolaning tugʻilgan kunidan boshlab) bolaga mayda harajatlar uchun beriladigan pul miqdori hamda uning majburiyatlari koʻlami oshirib borilishi zarur.

Chexiyalik psixolog Zdenek Mateychek 6-10 yoshli bolalarga oʻrgatish uchun quyidagicha oʻziga xos sxemani taklif etadi:

1.Kundalik harajatlar uchun bolaga maʼlum miqdordagi pulni ajratish va sarflashni oʻz ixtiyoriga qoʻyib berish (xohlasa ishlatsin, kimgadir bersin yoki jamgʻarsin), hisob soʻramaslik.

2.Kichik oilaviy jamgʻarma tuzish va unga ota-ona, bola oʻz hissasini qoʻshib borishi boʻyicha kelishib olish, bola bu jamgʻarmadan ham pul olishi mumkin boʻladi, ammo buning uchun ota-ona ruxsati talab qilinadi, bahsli vaziyatda ularning soʻzi hal qiluvchi boʻladi. Jamgʻarma ishtirokchilari umumiy roziligi bilan uning pullarini uzoq muddatli jamgʻarmaga ham oʻtkazish imkoniyati aytiladi.

3.Uzoq muddatli jamgʻarma tashkil etish, yaʼni kattaroq maqsadlarga, haridlarga xizmat qiladigan, toʻplanishi kamida yarim yil-bir yil davom etadigan jamgʻarma.

Belgilangan vaqt kelganda bola bilan birga oʻsha reja qilingan kattaroq harid amalga oshirilsa, tejamkorlik, jamgʻarish naqadar foydali boʻlishi mumkinligi koʻrsatiladi. Qolaversa, xohish-istaklarni kechiktirish iroda kuchini ham toblab borishi qayd etiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, bolani pul bilan muomala qilishga oʻrgatish, uni iqtisodiy munosabatlar tizimiga asta-sekin olib kirish jarayoni puxta oʻylab amalga oshirilishi, hech ham oʻz holiga tashlab qoʻyilmasligi, turli tuman tasoddifiy omillarga bogʻliq boʻlib qolmasligi zarur.

Hammasi xuddi donishmand xalqimiz naqlida aytilganiday boʻlgani maʼqulga oʻxshaydi “Bolani pulli ham qilma, pulsiz ham qoʻyma”.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)