Pekin shahridan keyin Shanghai shahriga yoʻl oldik. Ikki xil transport tanlovimiz bor edi: samolyot va tez yurar poyezd. Ikkisining narxi bir xil.

Biz poyezdni tanladik. Sababi, tez yurishi boʻyicha dunyoda yuqori reytingda turar ekan — 350 km. Qiziqdik.

Shanghaida oʻquvchilarimiz Xondamir va Ibrohim kutib olishdi. Baraka topishsin, 3 kun toʻliq bizga hamroh boʻlishdi.

Shanghaida goʻyoki Los-Anjelesga tushib qolganday his qildim oʻzimni. Oʻzi Shanghaini Xitoyning Los-Anjelesi deb atashar ekan. Baland binolar, goʻzal shahar, daraxtlar — xullas, koʻzingiz quvonadi.

Oʻquvchilarimiz universitetiga taklif qilishdi. Aylandik. Sharoitlar zoʻr. 5 yulduzli mehmonxonaga oʻxshaydi. Talabalar bilan gaplashdik.

20 dan ortiq oʻzbeklar bilan tanishdik. Birga jumaga chiqdik.

Bolalarning dunyoqarashi juda keng. Suhbatdan saviyasi sezilib turadi. Baʼzan gaplashib, kechqurun 23:00 gacha qolib ketdik.

Oʻzim uchun xulosa qildim — qadriyatli, salohiyatli yoshlarimiz chet elga chiqishlari kerak. Imkoniyatlar katta. Bizning, ayniqsa, davlat universitetlarida talantlari isrof boʻlib ketishi mumkin.

Oʻzbek va xitoylik talabalar farqini soʻradim. Aytishlaricha, bizning talabalar ijtimoiylashuv, bir-birini qoʻllab-quvvatlash, ahillikda kuchli ekan. Oʻzbeklar juda kirishimli ekan.

Xitoylik talabalar robotga oʻxshaydi, deb qolishdi. Gapirsangiz gapiradi, soʻrasangiz yordam beradi, boʻlmasa oʻzi bilan oʻzi yuraveradi. Ammo oʻqishda oʻta kuchli ekan.

Menimcha, xitoylik talabalar oʻqish boʻyicha dunyoda peshqadam boʻlishsa kerak. Bunga ularning maktab davridan bosim bilan oʻqishlari ham sabab ekan.

Tanganing ikkinchi tarafi — bosim bilan oʻqish bir vaqtning oʻzida oʻzi bilan salbiy illatlarni ham sudrab kelgan ekan. Masalan, xitoylik talabalar imtihonlardan avval oʻta qattiq stressga tushib qolarkan.

Shu sababli, talabalar yotoqxonasida suitsidning oldini olish uchun derazalar toʻliq ochilmas ekan...

Bundan tashqari, Xitoydagi maktablardagi bosimlar oʻquvchilardagi kreativlikni, tashabbuskorlikni ham oʻldirib qoʻyar ekan. Shu sababli ham ularda faqatgina ish buyursangiz, bajarishga moyilligi bor ekan.

Menga Xitoydagi universitetlarning yoqqan bir tomoni — 1-kursda chet ellik talabalar faqatgina xitoylik bilan bir xonada turishi mumkin ekan.

Bu ularning xitoy tili va madaniyatini oʻrganishiga yordam berarkan. Qolaversa, chet ellik talabalarga xitoy tilini oʻrganish majburiy va asosiy fanlardan hisoblanar ekan. Aytgancha, jumada ham birinchi xitoycha, keyin arabcha maʼruza qilinar ekan)

Bu siyosatning samaradorligi juda yuqoridek tuyuldi. Sababi, kelganiga 7 oy boʻlgan oʻquvchilarimiz xitoy tili eng qiyin til boʻlishiga qaramasdan, qiynalmay suhbat qilishyapti.

Shu bilan safar ham tugadi.

Safardan yorqin xotiralar, rasmlar, kir kiyimlar va bir olam motivatsiya bilan qaytdik!

Yana borish nasib qilsin...

Rasmlar bu yerda