Abituriyentlik davrimda uy ishlaridan qochib, oʻqishga tayyorgarlik qilish uchun viloyatga ketgandim.

Ha, xudbinlik qildim.

Lekin natijada Universitetga byudjetga kirib, oilamni katta xarajatdan asrab qolgandim.

Shunda xulosa qilgandim:

Egoistlikni ham toʻgʻri boshqarsa boʻlar ekan!

Hozir ham xudbinman:

— Darsga tayyorlanib boraman — kun boʻyi mazza qilib, sifatli dars oʻtishni xohlayman.

— Kasal boʻlsam, “vatanparvarlik” qilmay dam olaman — sogʻligʻim kerak.

— Yoʻl qoidalariga amal qilaman — jarima toʻlagim kelmaydi.

— Birovning aybini berkitaman — Alloh mening ham aybimni satr qilsin deb.

— Farzand tarbiyasiga oid kitoblar oʻqiyman — bir umr farzandim feʼlidan jabr chekishni istamayman.

— Shariat qoidalariga amal qilaman — oxiratda mashaqqatga qolgim kelmaydi.

— Sport bilan shugʻullanaman — kasal boʻlib qiynalishni xohlamayman.

— Yordam soʻraganlarga yordam beraman — savob kerak.

— Kredit olmayman — boy boʻlishni istayman.

— Tez kechirishga harakat qilaman — Alloh ham meni kechirsin deb.

— Ish vaqtim tugasa, dam olaman — samarali ishlash uchun energiyamni tiklashim kerak.

— Kurslarda oʻqiyman — muammolar bilan qiynalib yurishni yoqtirmayman.

— Shaxsiy rivojlanishga eʼtibor qarataman — koʻproq imkoniyat va imtiyozlarga ega boʻlishni istayman.

Qissadan hissa:

Ahmoq “vatanparvar” boʻlma — aqlli xudbin boʻl.