Ingliz tilini oʻrganganimda – chiqindilarning suvga uloqtirilishi, hayvonlar oʻlimi mavzulariga tez-tez duch kelardim.
Bularga shu darajada koʻp urgʻu berilganki, "yaqinda yer yuzi yoʻq boʻlib ketarmikan?", "namuncha vahima qiladi bular?", "hayvonlarda boshqa muammo yoʻqmikan?" – deb hayron qolardim.
Yozda Izmirda sayohatda boʻldim. Dengizdan oʻtayotganimda – oʻlib yotgan baliqlarga koʻzim tushdi.
Yaxshilab eʼtibor bersam, qirgʻoq oʻlgan baliqlarga toʻla edi. Hayratlanib, odamlardan buning sababini soʻradim.
Bir baliqchi: "Shu insofsiz zavodlar chiqindilarini dengizga tashlaydi", – dedi.
Boshqasi esa: "Kema haydovchilari zaharli moddalarni suvga boʻshatib ketadi", – deb javob berdi.
Menga erish tuyulgan mavzular, haqiqatan, jiddiy ekan!
Buni qachon angladim?
Koʻz bilan koʻrganimda!
Tabiatimiz shunday:
Koʻz bilan koʻrib, tanamizda his qilmagunimizcha, komil ishonmas ekanmiz.
Maktabda yillab ustozlarimiz "oʻqi" deb jonkuydirardi. Bu gaplar safsataga oʻxshardi.
Lekin, oʻqishdan yiqilib, qora mehnat qilgan vaqtlarim "oʻqi" soʻzining maʼnosini "belim" bilan anglab yetgandim.
Shu darajada angladimki, keyinchalik 4 yil universitetda boshimni oʻrganishdan koʻtarmadim.
Oʻqish – mayli, bir marta yiqildingmi, yana imkon bor.
Meni esa farzand tarbiyasiga beparvoligimiz qoʻrqitadi.
Bir sinfdoshimiz yomon yoʻlga kirib, politsiyaga tushganida – otasi (kap-katta kishi) qattiq yigʻlaganini aytishgandi.
Ota ham beeʼtiborlik nimalarga olib kelishini tanasida his qildi. Lekin endi kech edi..
Xulosa oʻlaroq - Bernard Shouning iqtibosini keltirmoqchiman:
"Inson dunyoda hamma narsani bilsa ham, faqat oʻz tajribasi bilan oʻrgangan narsasini tushunib yetadi."
Muammolarni oʻz koʻzi bilan koʻrmagan oʻquvchilarga vaziyatni qanday tushuntirish mumkin deb oʻylaysiz?
Farzand tarbiyasiga beparvo ota-onalargachi?
Yechim bering.