Savol soʻrab qolishdi: siz oʻqituvchilarga kurs oʻtasiz, nega aynan sizdan kurs olishi kerak? Gapirishga haqlimisiz?

Uzoq vaqt oʻylanib yurdim. Rostdan ham, ustozlar nega aynan mendan oʻrganishi kerak? Favqulodda talantli boʻlmasam?

Kinolardagiday ideal ustoz boʻlmasam? Oʻzim ham xatokor boʻlsam? Baʼzan darslarimdan koʻnglim toʻlmay, stressda yursam?

Ichimdan javob keldi:

Aynan shuning uchun ham gapirishga haqliman!

Adashmasam, Nassim Taleb ommalashtirgan “skin in the game” tushunchasi bor. Tarjimasi — tana oʻyin ichida boʻlishi.

Dehqoncha maʼnosi — biror sohada aqllilik qilayotgan odam oʻzi ham shu sohada boʻlishi, oʻsha sohadagi xavf-xatarlarni, risklarni boshidan kechirayotgan boʻlishi.

Yaʼni tanasi oʻyin ichida boʻlmagan odam xohlagan ishini qilib tashlayveradi. Ziyoni unga tegmaydi-da.

Buning aksi, oʻz tanasi oʻyinda boʻlganlar biror ishni qilishdan oldin oʻylab qiladi. Gapirishdan oldin oʻylab gapiradi. Ziyonini oʻzi ham koʻradi-da.

Shuni oʻylab xotirjam boʻldim.

Men tayinli dars bermay, kitoblar bilan nazariyalar olamiga kirib qolgan, real ustozlar ogʻriqlaridan uzoq, oʻz illuziyasida yashaydigan fan insoni emas ekanman. Tanam oʻyinda, doʻstlar:

Aqllilik qilayotganim aqlliligimdan emas, ayni shu muammoga kuni kecha duch kelganimdan boʻlishi mumkin.

Tanam oʻyinda, doʻstlar:

Dars berishda koʻplab xatolar qilaman, qiynalaman. Ayni shu jarayondan siz ham oʻtishingizni istamayman.

Tanam oʻyinda, doʻstlar:

Shoʻx, “quloqsiz” oʻquvchilar bilan har kuni koʻrishaman. Har doim turli uslublar qoʻllayman. Eplolganim ham, tishim oʻtmagani ham bor.

Tanam oʻyinda, doʻstlar:

Baʼzan darslarim zerikarli boʻladi. Ammo darrov qandaydir yechim oʻylab topishga harakat qilaman. Ularni esa siz bilan boʻlishaman.

Tanam oʻyinda, doʻstlar:

Sizga faqat ishlagan usullarni emas, ishlamaganlarini ham aytaman.

Chunki baʼzan nimani qilmaslikni bilish — nimani qilishdan muhimroq.

Tanam oʻyinda, doʻstlar:

Davlat maktabi, xususiy maktab, xalqaro maktab, diniy madrasa, oʻquv markazi, onlayn taʼlimda ishlagan ustoz sifatida sizni his qilaman.

Xullas,

Bu kanal egasidan ideallik kutayotgan boʻlsangiz — adashasiz:

Tanam oʻyinda, doʻstlar...