Teatr rahbari Peter Bruk oʻz teatr tomoshagohini dunyoning eng taʼsirchan maskanlaridan biriga aylantirdi.
Muvaffaqiyatining siri — oddiy.
Barcha teatrlar ikkilamchi jihatlarga eʼtibor qaratganida, men teatrning tub ildizi — mohiyati ustida ishladim, deydi u.
Peter teatrning asl mohiyatini topish uchun “olib tashla” usulidan foydalanadi:
Yaʼni teatrdan nimani olib tashlasangiz ham, teatr teatrligicha qolishini aniqlaydi.
Aytaylik, teatrdan chiroqlarni olib tashlasak — teatr teatrligicha qoladi.
Sahnadan pardani olib tashlasak — baribir teatrligicha qoladi.
Maxsus kiyimlarni olsak — kiyimlarsiz ham tomosha qoʻyish mumkin.
Oʻrindiqlarni olsak — tomoshani turib ham koʻrish mumkin.
Hatto teatr binosini olsak ham — koʻchada tomosha qoʻyish mumkin.
Ammo teatrdan aktyor va tomoshabinni olib tashlab boʻlmaydi — ularsiz teatr teatr emas.
Demak, mohiyat — aktyor, tomoshabin va ular oʻrtasidagi munosabat.
Peter butun umrini aktyorlar mahorati va ularning tomoshabinlar bilan munosabatini rivojlantirishga bagʻishladi.
Qaniydi maktablar ham mohiyatga qarasa...
Taʼlimning fundamental maqsadi — oʻquvchilar oʻrganishiga yordam berish.
Ular qaysi darajada ekanligidan qatʼi nazar, bir qadam oldinga siljishi uchun sharoit yaratish.
Yaʼni oʻqituvchi malakasi va uning oʻquvchi bilan munosabati taʼlimning mohiyatidir.
Bizning taʼlim tizimimiz esa koʻpincha ikkilamchi narsalar bilan oʻzini-oʻzi aldab, shu bilan maqtanadi:
Bino taʼmiri, yangi kompyuterlar, chiroyli forma, shinam oshxona va hokazo.
Nega shunday?
Chunki koʻp ota-onalarga maktabdagi oʻqituvchining saviyasi emas, sharoit muhimroq tuyuladi.
Xulosa
Chiroyiga emas — yuragiga qarang.
Post Ken Robinsonning “Creative Schools” kitobidan ilhomlanib yozildi.