Biz bolalarga oʻzimiz bilganimizcha nasihat beramiz:

Chekma, dars qil, gap qaytarma, darsda uxlama..

Keling, tajribali pedagog — Krutetskiyning «Psixologiya» kitobida tarbiyaviy suhbat qurish boʻyicha keltirgan beshta tavsiyasini koʻrib chiqamiz:

1. Tarbiyalovchi suhbatni aniq sabab bilan va voqeaga bogʻlab boshlashi tavsiya qilinadi. Suhbatning nima uchun zarurligini oʻquvchiga tushuntirish muhimdir.

2. Suhbatni kuchli, taʼsirli va emotsional misollar bilan boshlash yaxshi natija beradi. Bu oʻquvchini diqqatini jalb qiladi.

3. Qilayotgan ishining notoʻgʻriligini asosli dalillar bilan tushuntirib berish zarur. Oʻquvchi sizning soʻzlaringizga toʻliq ishonishi kerak.

4. Faqat nasihat bermasdan, oʻquvchining fikrini eshitishga harakat qiling. U bilan oʻzaro fikr almashish, oʻylashga undash suhbatni samarali qiladi.

5. Sovuqqonlik va beparvolik suhbatning samaradorligini kamaytiradi. Suhbatni hissiy tarzda oʻtkazish, jonli va qalbdan chiqadigan gaplarni aytish oʻquvchiga taʼsir qiladi.

Bu formulani uyga vazifa bajarmaydigan oʻquvchi misolida koʻrib chiqamiz:

1. "Bugun uy vazifasini bajarmaganingni koʻrdim. Bu haqida suhbatlashishimiz kerak."

2. "Vazifalarni oʻtkazib yuborish oʻqish natijalariga salbiy taʼsir qiladi. Bir doʻstim bor edi, vazifalarni bajarmasdi, keyin oʻqishda qiyinchiliklarga duch keldi va maqsadlariga erisha olmadi."

3. Agar vazifalarni bajarmasang, mavzuga tushunmaysan. Mavzuga tushunmasang — zerikasan. Zeriksang yana dars qilging kelmaydi. Oʻqishdan qolib ketasan. Tengqurlaring oʻqishga kirayotganida sen yigʻlab kuzatib qolasan.

4. "Nega vazifani bajarmading? Qiyinchiliklar bormi? Qanday muammoga duch kelding? Kel, birga tahlil qilaylik!

5. Uyga vazifalarni bajarsang, men ham ota-onang ham bagʻoyat xursand boʻlamiz. Bu orqali oʻqishga kirsang, jamiyatga foydang tegsa, bizdan baxtli odamni koʻrmaysan. Oʻzing ham naqadar baxtiyor boʻlasan!

P.s: Misollar kamina tomonidan tuzildi. Aynan shunday boʻlishi kerak degan daʼvo yoʻq.