Taʼlim jarayonining eng muhim talablaridan biri — faollik.
Darsda kafolatli natijaga erishish uchun faqat oʻqituvchining faolligi yetarli emas.
Dars samarali boʻlishi uchun ikki tomon — oʻqituvchi va oʻquvchi — birdek faol va hamohang harakat qilishi zarur.
Shu bois zamonaviy oʻqitish uslublarining asosiy vazifalaridan biri — oʻquvchini passiv tinglovchidan faol ishtirokchiga aylantirishdir.
Buning eng samarali yoʻllaridan biri — oʻquvchilarning oʻzaro nazoratini yoʻlga qoʻyish, yaʼni ularning bir-birining ishini baholash va tekshirish jarayonida ishtirok etishidir.
Muhim eslatma:
Oʻzaro nazoratni tashkil etishdan avval oʻquvchilar bu jarayonning tartibi va algoritmini yaxshi anglab olishlari kerak. Shuning uchun dastlab oʻqituvchi jamoaviy nazoratni oʻzi boshqarib oʻtkazishi maqsadga muvofiq.
Bu bosqichda butun sinf bir oʻquvchining javobini tinglaydi, soʻngra jamoaviy muhokama oʻtkaziladi — yutuq va kamchiliklar tahlil qilinadi, xatolar toʻgʻrilanadi, asoslar keltiriladi. Keyingina oʻquvchilar mustaqil ravishda oʻzaro nazorat qilishga oʻtadilar.
Quyida bu jarayonni tashkil etishning bir nechta metodik usullari keltirilgan.
Metodika №1. “Kartochkalar orqali oʻzaro sinov”
Oʻquvchilarga mavzu boʻyicha ikki tomonlama kartochkalar tayyorlab kelish topshiriladi (3–5 ta).
Bir tomonida test savoli va javob variantlari,
Ikkinchi tomonida esa toʻgʻri javob keltiriladi.
Darsda oʻquvchilar juftliklarga boʻlinib, oʻrinlarini almashtiradilar. Ular bir-birlariga kartochka orqali savol berishadi. Javob toʻgʻri boʻlsa, kartochka javob beruvchida qoladi, notoʻgʻri boʻlsa — savol beruvchida. Dars oxirida oʻqituvchi har bir oʻquvchining nechta kartochka toʻplaganini aniqlab, uning bilim darajasini baholaydi.
Metodika №2. “Tekshiruv qogʻozlari”
Har bir oʻquvchiga savol yozilgan qogʻoz beriladi. Qogʻozning orqa tomonida 3–4 oʻquvchining ism-sharifi keltirilagan boʻladi. Oʻquvchi shu bolalardan savolni soʻraydi va natijani belgillaydi:
toʻgʻri javob uchun “+”,
notoʻgʻri javob uchun “–”,
chala javob uchun “?”.
Dars oxirida qogʻozlar oʻqituvchiga topshiriladi. Bir necha mashgʻulotdan soʻng oʻqituvchi ushbu natijalar asosida oʻzaro baholash statistikasini yuritishi mumkin.
Metodika №3. “Matnni toʻldir”
Juftlikdagi har ikki oʻquvchiga bir xil matn beriladi, ammo:
birinchisining matnining bosh qismi toʻliq, oxirida boʻshliqlar bor,
ikkinchisining esa aksincha.
Oʻquvchilar navbat bilan bir-biriga matnni oʻqib beradilar, soʻngra sherigining yordamida boʻsh qolgan joylarni toʻldiradilar. Keyin asl matn bilan solishtirib, xatolarni birgalikda tuzatadilar.
Metodika №4. “Guruhda tekshirish”
Oʻquvchilar 3 kishidan guruhlarga boʻlinadi. Har bir guruhga uch qismli topshiriq beriladi.
Masalan, ona tili darsida murakkab qoʻshma gapni tahlil qilishda:
birinchi oʻquvchi asosiy boʻlaklarni, ikkinchisi ikkinchi darajali boʻlaklarni, uchinchisi soʻz turkumlarini aniqlaydi.
Shundan soʻng ular qogʻozlarni almashtirib, bir-birining ishini tekshiradi, savollar beradi, xato deb hisoblagan joyni asoslaydi yoki qabul qiladi.
Yakunda guruh birgalikda umumiy yechimga kelib, natijani toza nusxada oʻqituvchiga topshiradi.
Tarix darsida esa, masalan, “Buyuk geografik kashfiyotlar” mavzusida:
bir oʻquvchi “sana”,
ikkinchisi “shaxs”,
uchinchisi “voqea” boʻyicha maʼlumotni toʻldiradi.
Yakunda ular birgalikda natijani taqdim etishadi.
Xulosa
Oʻquvchilar oʻzaro nazoratini tashkil etish — darsni faol, erkin va interaktiv holda oʻtkazish imkonini beradi. Shu bilan birga, bu usulning baʼzi kamchiliklari ham bor: xolislikni toʻliq taʼminlash qiyin va vaqt talab etiladi.
Shuning uchun buni oʻquvchilarni mustaqil fikrlash va javobgarlikka oʻrgatishning bir bosqichi sifatida qoʻllash maqsadga muvofiq.
Tajribali oʻqituvchilar bu yoʻnalishda oʻz usullarini yaratishlari tabiiy. Shu maʼnoda, yuqorida keltirilgan metodikalar — kim uchundir eslatma, boshqalar uchun ilhom manbai, yana kimlar uchun metodik yangilik boʻlishi mumkin.
Eng muhimi — bu usullar orqali har bir oʻquvchi faol, mustaqil va tahlilchi shaxs sifatida shakllanadi.
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)