Qizlar sochini tortib, bulling (muntazam tegajonlik) qiluvchi oʻquvchilarga tarbiyaviy taʼsir koʻrsatish uchun qanday yondashish mumkin?

Albatta, bu kabi vaziyatlar oʻquv guruhlarida tez-tez uchrab tursa-da, yagona universal retsept yechimni taklif etish qiyin. Bu muammoni eshitganda, shaxsan, bizda masalaga ikki xil--anʼanaviy-maʼrifiy yoki noanʼanaviy-kreativ yondashish ish berarmikan, degan xayol oʻtadi.

Anʼanaviy-maʼrifiy yondashuv:

a) sochning mohiyati, zarurati, undan tortishning ogʻriqli ekanligiga urgʻu berish;

b) soch aslida teri evolyutsiya nuqtai nazaridan teri hosilasi ekani, unga teginish oʻz-oʻzidan mohiyatan birovning taniga tegish, bu esa madaniyatimizda nihoyatda beodoblik deb baholanishini uqtirish;

v) soch ayol kishining koʻrki, qizlar uni yillar davomida parvarishlashi, ota-onasi tomonidan bunga maxsus qaralishi va ularga tajovuz keskin qoralanishini tushuntirish.

Noanʼanaviy-kreativ yondashuv:

a) soch tortar yigitchalarga oʻz opa-singlisi yoki onasi suratini olib kelishni soʻrab, oʻsha ulardan oldinroq oʻtiradigan va soch tortar bezorilarning koʻzi tushib turgan joyga-masalan oʻrindiq suyanchigʻiga rasmni ilib qoʻyish;

b) bolalarni darsdan keyin olib qolib, yigitcha bitim tuzib olish, sochini tortayotgan qizga ayta olmayotgan gapi boʻlsa, oʻqituvchiga buni xabar berish yoki oʻqituvchi orqali oʻz fikrini bildirish;

v) soch tortishni yaxshi koʻradigan bolalarga keyingi darsga ayollar parik sochini olib kelib berishni, qoʻli qichiy boshlaganda bola ishora qilsa, oʻqituvchi oʻshani unga vaqtincha berib turishi mumkinligini aytib jiddiy piching hazil qilish.

Poʻlat Ergashev, psixologiya fanlari doktori, ABIS taʼlim-tarbiya jarayonlari psixologik taʼminoti boʻlimi boshligʻi.