Oʻta tarbiyali oʻquvchilarimning oilasi bilan qiziqaman:

Oila muhiti qanday?

Otasi kim?

Farzand tarbiyasi bilan qanday shugʻullangan?

Barchasida bir umumiylikni koʻrganman:

Farzand tarbiyasidanda kattaroq boʻlgan — jamiyat dardi bilan yashash.

Doʻstim Muhammadga shu xulosamni aytsam zoʻr rivoyat aytdi:

Bir kuni bir odamning qoʻlida yoʻlbarsni koʻrib qolishadi. Hayratda qolganlar undan soʻrashadi:

— Bu shafqatsiz yoʻlbarsni qanday qilib boʻysundirding?

U esa javob beradi:

— Men xotinimning qattiq xulqiga sabr qildim. Alloh esa menga bu yoʻlbarsni boʻysundirishni oson qildi.

Oʻylab qarasam, bu formula haqiqatan ishlarkan:

Alloh sizga bir dard berib, boshqa koʻplab muammolardan sizni forigʻ qiladi.

Yuqoridagi otalarning muvaffaqiyati — katta dard, katta muammolar bilan yashash edi. Shu sababli ham Alloh ularga farzand tarbiyasini oson qilgandi.

"Qiyinchilikdan keyin osonchilik keladi emas, qiyinchilikning oʻzi aslida — osonchilik", deb tafsir qilgandi Noʻmon Ali Xon (94:5-6)

Oʻz hayotimda ham eʼtibor berganman:

Maktab, taʼlim, tarbiya muammolaridan chetlanishim bilan meni maishiy muammolar oʻrab oladi..

Xullas

Bir dardga yoʻliqdingizmi?

Siqilmang.

Ming darddan xalos boʻlib turibsiz!