Vulqon yerning 150-250 km chuqurligida hosil boʻladi.
Kelib chiqish sababi — kuchli issiqlik va bosim.
Vulqon otilishini koʻplab odamlar yomon tabiiy hodisa sifatida tushunadi.
Ammo, vulqon otilganida:
Milliard yillardan beri yer ostida yotgan kimberlit va lamproit jinslarini yer yuziga sudrab chiqadi.
Geologlar bu ikki togʻ jinsiga — qattiq qiziqadi. Chunki ulardan olmos olinadi!
Olmos olish jarayoni oson emas: dastlab geologlar kimberlit va lamproitni izlab topishadi. Ishchilar qazib olishadi.
Mutaxassislar esa toshlarga ishlov berib, olmosga aylantiradilar.
Noyob olmos boʻlish yetarli emas. Uni sota olish ham kerak. Endi 50-70% muvaffaqiyat marketingga bogʻliq:
2017 yili 284 ta Ferrari narxiga sotilgan olmosni misol qilishimiz mumkin.
Xullas:
Bosim + portlash + vulqon + mutaxassislar mehnati + marketing = qimmatbaho olmos.
Insonning talanti ham shunday kashf etiladi. Olmosga oʻxshaymiz:
Talant dastlab ichimizda yotadi. Qiyin davrlar, kuchli bosim, ruhiy vulqonlar uni sirtimizga olib chiqadi.
«Geolog» — ustozlar uni topadi va bizga bildiradi.
Talantimiz ustida ishlaymiz, yanada rivojlantiramiz. Mutaxassislardan yordam olamiz.
Shunda qadrli, qimmatbaho kadrga aylanamiz.
Bu tarozining bir pallasida.
Ikkinchisida esa: oʻzingizni sota olish. Talantingizni koʻrsata olish!
Fikrimcha, bizdan talantlar chiqmayotgani sababi shu:
1. Mehnat yetishmayapti.
2. Mehnat bor - qiyinchilik yoʻq.
3. Mehnat + qiyinchiliklar bor - ustoz yoʻq.
4. Mehnat + qiyinchilik + ustoz bor - oʻzini koʻrsata olmaydi.
Qissadan hissa:
Bosim boʻlyaptimi? Ruhan azoblanyapsizmi? Mehnat charchatdimi? Qiynalyapsizmi? Ustozlar koʻp vazifa yuklayaptimi?
Siqilmang. Siz qimmatbaho olmosga aylanyapsiz!