boʻladigan voqea
Pedagogika olamida Shalva Amonashvilli ismini eshitmaganni topish qiyin.
Biz ham kanalimizda ustozdan ayrim mahorat darslari bilan boʻlishgandik.
Ishonasizmi, pedagogika fanlari nomzodi (1960), psixologiya fanlari doktori (1972), pedagogika fanlari akademiyasi akademigi (1989) Shalva Amonashvilli 7-sinfgacha qip-qizil ikkichi boʻlgan.
Hamma fandan baholari yomon boʻlganidan dastlab 3-sinfdan, keyin 5-sinfdan keyingi sinfga shartli oʻtkazilgan.
Ammo shunday “qoloq” uquvchi maktabni oltin medal bilan tugatadi.
Hammasiga bitta ustoz sababchi boʻlgan ekan.
Yettinchi sinfda ularga gruzin tilidan yangi ustoz tayinlanadi.
Kechagi ikkichi kundaligida dastlabki “5” lar paydo boʻladi.
Olimning xotirlashicha, bu “5” lar aslida oshiqcha ragʻbat bilan qoʻyilgan:
“Chamasi, bu ustozimiz, meni dastlab bir nima bilan “ilintirib olish” kerakligini his etgan”.
Dastlabki beshlardan keyin oʻquvchi kutubxonaga boradigan boʻldi, oʻqib tayyorlanib keladigan boʻldi, ammo boshqa fanlardan hali ham “2” olishda davom etdi.
Kunlardan birida sinf darsda insho yozadigan boʻldi.
Shalva ustozini xursand qilish ilinjida, “Shunday insho yozayki, bunaqasini hali oʻqimagan boʻlsinlar, qoyil qolsinlar”, deb turganida oʻqituvchi oxista oldigan kelib qulogʻiga PICHIRLAB shunday deydi:
“Bolakay, mening beshlarim ikkilar orasida uyatdan rosa qizarib ketayapti-ku, nima qilsak boʻladi?”.
Hozirda 94 yoshda boʻlib turgan Shalva Amonashvilli qariyb 80 yil oldingi bu bir zumlik pichir-pichirdan qolgan xotirani shunday eslaydi:
“Koʻzim odida ustoz libosidagi bejirim taqinchoq, dimogʻimda “Qizil Moskva” atiri, va betimda ohista tekkan ustoz kokillarini his etib, aytgan gaplaridan boshimni egib, yigʻlab yuborganman.
Oʻsha soʻzlardan keyin oʻzimni qoʻlga olib, ikkilarni 3 ga, keyin 4 ga aylantirdim, oxiri maktabni oltin medal bilan tugatdim”.
Nuroniy olim-ustoz oʻzi iqror boʻlishicha, oʻsha olis maktab yillarida oʻqituvchi opa ikki ogʻiz pichir-pichir soʻzi boʻlmaganida, hozirgi yuksaklik darajasi, millionlab odamlar eʼtiboriga tushish maqomi ham boʻlmasdi.
Balki kimdir pedagog oʻz soʻzini oʻtkazishi uchun albatta, bor ovozi bilan baqirishi kerak, kimdir doʻq urmasang, seni eshitishmaydi ham, hurmat qilishmaydi ham, deb hisoblar.
Balki bunday hisoblash uchun ularning asoslari ham bordir, ehtimol, qaysidir vaziyatda shunday qilishga oʻzini majbur his etar.
Har qalay biz bir insonning hayotidagi kichik lavhani eslab, ustoz boshqacha yoʻlni tanlashi ham mumkinligini eslatmoqchi boʻldik, xolos.
Biz shunchaki, bir insonning hayotidagi bir lavha. Xulosa chiqarish har kimning oʻzidan...
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)