“Bir qizni oʻqitsangiz, butun oilani oʻqitgan boʻlasiz” hikmati zamirida hayot haqiqati yashiringanini tan olamiz.

Faqat baʼzi ota-onalarni kuzatib, ularga bolalari orqaligina emas, toʻgʻridan toʻgʻri ham oila pedagogikasidan oz-moz “pand-nasihat” berib qoʻyish kerakmikan, deb oʻylanib qolasan kishi.

Bu borada har birimizning ustoz oʻlaroq albatta, aytar soʻzimiz boʻlsa kerak. Joyi kelganda ota-onalarga shu soʻzni, ehtimol aytarmiz ham.

Shu vaqtda balki jahon pedagogikasidan bir sahifa fikringizni yanada tiniqroq qilar.

Bu sahifa 2-jahon urushi davrida Polshada fashistlar bosqini boshlangach, oʻquvchilarni tashlab ketmay, ular bilan kontsentratsion lagerga tushib, shu yerda qatl etilgan dunyo tan olgan pedagog va pediatr olim Yanush Korchakka tegishli:

1. Farzandingiz ham aynan sizday boʻlishini kutmang, yaxshisi unga oʻzligini topishga, birovga oʻxshamagan, oʻziga xos boʻlishga yordam bering, oʻzgacha boʻlishdan aslo tortinmaslikka oʻrgating.

2. Farzandingiz uchun qilganlaringizga haq talab qilmang, siz unga hayot berdingiz, buning haqqini ado etib boʻladimi, bolangiz boshqa insonga hayot beradi, minnatdorchilik qonuniyati shunday ishlaydi.

3. Farzandingiz dunyosini oʻz hayotiy alamlaringizni, koʻrgan kechirgan dardrlaringiz yukini toʻkib sochadigan maydon, deb koʻrmang, keksalikda achchiq nonga kuningiz qolib ketmasin.

4. Farzandingiz muammolariga mensimay qaramang, qiyinchilik har kimga kuchiga yarasha berilar ekan, ishoning sizga arzimas koʻringan muammosi sizdagi eng katta tashvishchalik ogʻir boʻladi, zotan unda sizning tajribangiz yoʻq.

5. Farzandingiz kamsitilish nimaligini bilmay ulgʻaysin, odam obroʻ-shaʼni yerga urilganda, oʻzi ham yer bilan yakson boʻladi, yanchilgan inson esa parvoz haqida oʻylamaydi, oyoqqa turib olsam qaniydi, deb orzu qiladi.

6. Farzandingiz bilan uchrashuvlarni hayotdagi eng muhim diydor, deb biling, unutmangki, bolalikda oʻzgarishlar tez va har safar bolangiz bilan uchrashganda uning ichida nimadir oʻzgargan boʻladi.

7. Farzandingiz uchun nimadir qila olmasangiz, oʻzingizni siqmang, har narsaga qodir odam yoʻq, shunchaki unutmangki, bolaga qoʻldan kelgan barchasini qilmagan boʻlsangiz, demak, yetarlicha qilinmay qolgan.

8. Farzandingiz butun hayotingiz, fikru zikringizni toʻliq oʻziga qaratib oladigan, sizni zabt etishga intiladigan zoʻravon emas, bu aslida sizga avaylab saqlash va takomilga yetkazish uchun ishonib topshirilgan qimmatbaho ziynat.

9. Farzandingiz qanchalik suyukli boʻlsa, birovning bolasini ham yaxshi koʻrish qoʻlingizdan kelsin, bolangizga boshqalar qanday munosabatda boʻlishin istamasangiz, boshqaning jigarbandiga ham shunday munosabatda boʻlmang.

10. Farzandingiz har qanday holatda – tartiblimi yoki besoʻnaqay, shoʻxmi yoki yuvvoshmi, iqtidorlimi yoki oddiymi, jahldormi yoki xushchaqchaqmi, umidingizni oqlayaptimi yoki oqlamayaptimi, sevilishda davom etilishi kerak, zotan, farzand – sizning bayramingiz, uning borligi mukofotingiz.

Hurmatli ustozlar, albatta, bu tavsiyalar ota-onalarga yoʻnaltirilgan.

Ammo qaysi ota-ona hozir yugurib Yanush Korchakning “Bolalar qanday yaxshi koʻriladi” kitobini qidirishga tushadi?!

Nachora, ustoz qismati shundaymikan, vaqti kelsa butun oilaga ustozlik qilayotgan boʻlib chiqadi!

Sizdan boshqa ularga butun hayot davomida bu kabi maʼlumotlarni beradigan odam boshqa topilmasa kerak-ov?!

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)