Taʼlimda ragʻbat — muhim:

Yaxshi xulqlarni shakllantirishda, yomon xulqlardan saqlashda qoʻllaniladi.

Ammo ragʻbatlantirish, maqtashning ham mutaxassislar taklif qilgan yoʻllarini bilasizmi?

Quyida baʼzilarini keltirib oʻtamiz:

1. Mutaxassislar nafaqat oʻquv faoliyati natijalariga koʻra yuqori koʻrsatkichli oʻquvchilarni, balki oʻzining mehnatsevarligi, yordamga tayyorligi, masʼuliyatli yondashuvi, jonbozligi uchun ham bolalarni taqdirlashni toʻgʻri, deb baholaydilar.

2. Ragʻbatlantirish harakatga mutanosib boʻlishi, yaʼni bola uchun odatiy, “ikki qadamli” ish boʻlib qolgan yoki zamirida qandaydir tor shaxsiy motivlar turgan amallar uchun boʻlmasligi tavsiya etiladi.

3. Ijobiy munosabat bildirishda “ammo” kalimasi boʻlmasligi, yaʼni masalan, “tez oʻqish boʻyicha zoʻrsan, ammo sheʼr yodlashingga kelsak...” kabilida fikrlamaslik, maqtashmi-mashtash.

4. Ragʻbatlantirish amaliyoti bolani sinfdagi boshqa oʻquvchilarga qarama-qarshi qoʻymasligi lozim, buning uchun nafaqat natijaga erishganlar, balki harakat qilganlarni ham eʼtirof etish va bunda aynan qaysi jihat maqtovga loyiqligini izohlab oʻtish oʻrinli.

5. Maqtov shaklidagi ragʻbatlantirishda shunchaki oʻquvchiga yaxshi koʻrinish uchun maqtamaslik, bolaning tabiiy sifatlari (boʻyi-basti, xushbichim koʻrinishi va h.) dagi ustunlikni eʼtirof predmetiga aylantirmaslik, aynan bir holat uchun ikki martadan ortiq ijobiy munosabat bildirmaslik.

6. Ragʻbat yaxshisi bolaning oʻz koʻrsatkichlarini oʻzining avvalgi natijalari bilan solishtirib, yaxshi tomonga oʻzgarish boʻlganini samimiy eʼtirof qilgan holda boʻlgani afzalroq, bolalarni bir-biriga solishtirishni suisteʼmol qilmagan maʼqul.

Asosiysi, barchaning koʻz oʻngidagi ragʻbat chinakamiga adolatli boʻlishi, yaʼni ragʻbatga haqiqatdan arziydigan odam, arziydigan harakatlari bilan, yaxshi maʼnodagi “chiranish” evaziga erishadigan natija boʻlishi lozimligini eslatib oʻtirish ham ortiqcha, deb oʻylaymiz.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)