“Blum kublari” texnikasi.
Ishning borishi. Mashq uchun qogʻozdan yasalgan kub zarur boʻladi. Kubning 6 ta tarafida “Nomlagin”, “Sababini aytgin”, “Tushuntirgin”, “Taklif etgin”, “Oʻylab topgin”, “Ulashgin” deb yozib qoʻyilgan boʻladi. Yozuvlar maʼlum turdagi savolni anglatib, ular haqida oʻqituvchi bolalarga tushuncha beradi.
a) “Nomlagin” – eng oddiy, yaʼni shunchaki narsa-hodisa nomi, qanday atama nima anglatishini soʻrovchi savollar;
b) “Sababini aytgin” – sabab-oqibat bogʻlanishlari, tegishli narsa-hodisalar bilan maʼlum shart-sharoitda sodir boʻluvchi oʻzgarishlarni soʻrovchi savollar;
v) “Tushuntirgin” – aniqlashtirish, detallarni tavsiflab oʻtish bilan javob berishni soʻrovchi savollar;
g) “Taklif etgin” – tegishli mavzu boʻyicha bilimlar qayerda qoʻllanishi mumkinligini soʻrovchi savollar;
d) “Oʻylab topgin” – mavzu boʻyicha xayoliy taxminlar qilishni soʻrovchi savollar;
ye) “Munosabat bildirgin” – oʻrganilgan narsa-hodisalarning har taraflama tahlil qilish, baholashni soʻrovchi savollar.
Yangi mavzu oʻtilgach, oʻqituvchi shu darsning oʻzida yoki uyga vazifa qilib tegishli mavzu yuzasidan har bir turdagi savollardan namunalar tuzish topshirigʻini beradi.
Oʻtilgan mavzuni takrorlash darsida oʻqituvchi kubni tashlaydi va qanday yozuvli taraf tushsa, oʻquvchilarga oʻshanga mos mazmundagi savolni oʻqituvchiga yoʻllash taklif etiladi.
Masalan, mavzu “Misr ehromlari” boʻlsa, savollar namunalari quyidagicha tuzilishi mumkin:
a) “Piramida soʻzi yunonchadan nimani anglatadi?”, “Qaysi ehrom dunyoning 7 moʻʼjizasidan biri hisoblanadi?”;
b) “Nima uchun firʼavnlar murdasi ming yillar saqlanib qolgan?”, “Siniq piramida bunday nomlanishiga sabab nimada?”;
v) “Piramidalar qurishda erkin quruvchilar qatnashganini qanday isbotlaysiz?”, “Snofru ehromi haqiqiy piramida, deyilishiga asos nimada?”;
g) “Firavnlar hayot tarzi haqidagi bilimlar bugungi odamlar uchun qanday xulosalar beradi?”, “Ehromlar qurilishiga oid qaysi bilimlar bugun ham ahamiyatli boʻlishi mumkin?”;
d) “Zamonaviy Misrda ehromlar boʻlmaganda nima oʻzgarardi?”, “Ehromlarga firʼavnlar nomi berilmaganda, ularni yana qanday atash mumkin boʻlardi?”;
ye) “Nil daryosining ehromlar qurilishida qanday nafi tekkan boʻlishi mumkin?”; “Bir ehromning bir necha avlod firʼavnlari qurdirishining ijobiy va salbiy tomonlari nimada?”.
Kichik sinflarda kub taraflaridagi yozuvlarni soddalashtirib (“tasvirla”, “qiyosla”, bogʻla”, “tahmin qil”, “qoʻlla”, “bahola” tarzida) berish mumkin va oʻqituvchining oʻzi kubni tashlab, qaysi taraf tushgani boʻyicha tegishli turdagi savolni berishi oʻrinli (masalan, mavzu “Yil fasllari” boʻlsa, savollar – “Qishda qanday hodisalar boʻladi?”, “Qish va yoz nimasi bilan farqlanadi?”, “Bahor deganda xayolingga avvalo nima keladi?”, “Kuz faslidagi hodisalarning sabablari nimada?”, “Havo haroratini bilishning foydasi nimada?”, “Yoz va qishning afzalliklari va qiyinchiliklari qanday?”).
Mashqning asosiy afzalliklari: mavzuga chuqur kirib borishga undaydi, oʻyin ruhiyati kuchliroq ifodalanadi (kub tashlash dinamika beradi), oʻqituvchi bilan yashirin raqobat tugʻiladi.
Savol berish — taʼlim jarayonining markazini tashkil etadi. Savollar shunchaki oʻquvchi bilimini tekshiribgina qolmay, uni fikrlashga oʻrgatadi, uning aqliy jarayonlariga yoʻnalish beradi. Savollar oʻylab topishga undab oʻylantirib qoʻyish esa yanada muhimroq jarayon. Axir savol berish oʻrganishga, bilishga intilishni anglatadi, qiziquvchanlik ifodasi boʻladi. Taʼlimning bosh maqsadi ham nima edi? Shunchaki oʻqitish, uqtirish, boshni bilimlarga toʻldirishmi? Yoʻq, bosh maqsad – oʻqishga, oʻrganishga oʻrgatish edi, shekilli!? Adashmayapmizmi, aziz ustozlar?!
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)