“Toʻy toʻyday boʻlsin...” shiori ostida yurtimizda ne-ne toʻy ziyofatlari oʻtkaziladi.
Ijtimoiy tarmoqlar bahonasida baʼzi toʻylardagi “ishlar” mahalla tugul butun mamlakatda “duv-duv” gap boʻladi.
Yashirishning hojati yoʻq, shunaqa baʼzi “ishlardan” birovning gʻashi keladi, birovning kulgusi qistaydi. Ammo yana shunaqa toʻylar boʻlarkanki, insonni oliy qadriyatlar haqida chuqur oʻyga tortarkan...
Kinsi French – AQSH Ketuki shtatida faoliyat koʻrsatuvchi pedagogning toʻyi dunyodagi eng yorugʻ toʻy boʻldi. Nima boʻlibdikan, rosa antiqa lazer shou qoʻyildimikan yoki toʻy kuchli projektorlar bilan yoritilgan futbol maydonda boʻlibdimikan? Yoʻq, toʻyni oʻquvchilar odatdagidan yorugʻroqqilib qoʻygan!
Zaminimizni tabiiy yoritadigan manba – quyosh, dunyoda esa “quyosh bolalar” bor.
Bunday nom irsiy kasallik – Daun sindromi bilan kasallangan bolalarga nisbatan qoʻllanadi.
“Quyosh” nisbati qoʻllanishiga sabab – bu bolalar doim quvnoq qiyofaga ega boʻladilar, atrofdagilarga tabassum bilan boqadilar. Kinsi French shunday aqliy va ruhiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar maktabining oʻqituvchisi.
2016 yil 3 iyun. Kinsining nikoh toʻyi. Toʻyga taklif qilingan mehmonlar qatorida Daun bolalarning butun sinfi. Kelinchak oʻz qaroriga oddiy izoh berdi: “Bu mening sinfim, men uchun oiladek gap. Hayotimning eng muhim kunini ularsiz oʻtkazishni tasavvur qila olmadim”.
Shunaqa, koʻpchilik toʻyini shiftdan osilib tushgan katta qandil yoritsa, birovning toʻyida 8 ta “tirik quyosh” charaqlab turishi mumkin ekan. Lekin asosiysi bu “quyoshlar” yigʻilganlar koʻnglini yoritgan boʻlsa ajabmas.
Ustozning toʻyga taklifi esa bolalar koʻngliga yorugʻlik olib kirgani rost. Har qalay toʻydan keyin bolalardan eng koʻp nima yoqqani soʻralganda, ular raqsga tushishni aytishibdi. Kasal bola ham baribir bola-da...
“Mahallada duv-duv gap” boʻladigan toʻydan nuqul nima qilmaslik kerakligini koʻramiz, “dunyoda duv-duv gap” boʻlgan bu toʻy nima qilish kerakligiga ishora berganday:
a)bolalarni birday koʻrish, boy-qambagʻal, aʼlochi-ikkichi, “quloqli-quloqsizini” taqdir inʼomi sifatida tushunish;
b)tangri bitgan taqdirda shu bolalar bormikan, hayotning ajralmas qismidek qabul qilish;
v)hayotning ajralmas qismi ekanmi, shu bolalarga eng yaqin odamlar berolmaydigan narsalarni berishga tayyor turish.
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)