differentsial yondashuv (2-qism)
Oʻquvchilarni toifalashdan maqsad ularni guruhlarga boʻlish yoki yorliq qoʻyish emas, balki har biri bilan ishlashda samarali usullarni tanlashdir. Buning eng asosli mezoni — oʻquvchi asab tizimi xususiyatlariga tayanishdir.
Bunday yondashuv odamlar asab tizimiga koʻra kuchli yoki kuchsiz boʻlishi haqidagi psixofiziologik qoidaga asoslanadi.
1. Kuchsiz asab tizimiga ega oʻquvchi: bir maromdagi ishdan tez charchaydi, dars yakunlanib borgani sayin xatolari koʻpayib boradi, sekin oʻzlashtiradi, rejali, bosqichma bosqich ishni xush koʻradi, hajmi katta va rang-barang materialni oʻrganishda diqqatni koʻchirishga va taqsimlashga qiynaladi, kutilmagan savol va topshiriqlardan oʻzini yoʻqotib qoʻyadi, xayajonni bosa olmaydi, magʻlubiyatni ogʻir qabul qiladi, oʻz bilimi va imkoniyatiga nisbatan ishonchsizlik namoyon etadi, koʻproq yozma javob berishda oʻzini yaxshi his etadi.
2. Kuchli asab tizimiga ega oʻquvchi: uzoq vaqt charchamay ishlay oladi, ammo bir xillik gʻashiga tegadi, masʼuliyatli va tigʻiz ishdan, kutilmagan savollardan qoʻrqmaydi, diqqatni jamlab ishni boshlab olishga qiynaladi, aniq tartib, algoritm asosida harakat qilishni, faoliyatni qatʼiy reja boʻyicha tashkil etishni yoqtirmaydi, eʼtiroz va salbiy bahoga taʼsirchanligi past, yoʻl-yoʻlakay qaror qabul qilish yoki uni oʻzgartirib yuborishga qodir, ham yozma, ham ogʻzaki javobda birday yaxshi natija koʻrsata oladi, shovqin-suron muhitda ham ishchanlikni yoʻqotmaydi, doimo vazifani bajarishning turli variantlarini tez-tez koʻrib chiqa oladi.
1.1. Kuchsiz asab tizimiga ega oʻquvchilar bilan ishlashdagi eʼtiborli holatlar:
- kutilmagan savolga tezkor javob berish zarur vaziyatga tushirmaslik;
- oʻylab olish, tayyorlanish uchun yetarlicha vaqt berish, iloji boricha tinch muhitda, ortiqcha chalgʻimay ishlash uchun sharoit yaratishga intilish;
- oʻquvchi qiynalsa, dastlab yozma javobga ruxsat berish;
- yangi oʻrganilgan material boʻyicha hoziroq javob talab etmaslik;
- oʻz kuchiga ishonchni har taraflama qoʻllab-quvvatlash;
- oʻquvchi muvaffaqiyatsizligini ehtiyotkorona baholash, garchand natija idealdan yiroq boʻlsa ham, harakat, urinish, qatʼiyatning oʻzi uchun ragʻbat berish;
- javobni tayyorlash davomida uni qayta tekshirib koʻrish va xatolarni toʻgʻrilab olish uchun alohida vaqt berish;
- imkon qadar dars avvalida soʻrash, jarayon boshida vazifalar qanday bajarilganini tekshirish;
- muvaffaqiyatsizlik vaziyatlarini sokin qabul qilish, toʻgʻri xulosalar chiqarishga oʻrgatish;
- vazifa bajarishni eng qiyin topshiriqlardan boshlashni taklif etish;
2.1.Kuchli asab tizimiga ega oʻquvchilar bilan ishlashdagi eʼtiborli holatlar:
- oʻquvchi faoliyatining doimiy nazoratda boʻlishi va boshqarilishini taʼminlash;
- qisqa tanaffuslar, faoliyat turini almashtirib turishga eʼtibor qaratish;
- qunt bilan, sabrli ish bajarishga oʻrgatish, ammo toliqishning toʻplanib qolishiga yoʻl qoʻymaslik;
- oʻzini yaxshi nazorat qilgan, ortiqcha chalgʻishdan saqlana olganda alohida ragʻbat berish;
- talablar belgilangan tartib va ketma-ketlikda bajarilishini qatʼiy nazorat qilish;
- guruhiy shakldagi faoliyat turlarida ularga davrani “qizdiruvchi” yetakchi rolini berish;
- ikkala shakldagi javobni eplasalar ham, koʻpincha ogʻzaki javobga ixtiyor berishlarini inobatga olish;
- darsdan keyin darhol qoʻshimcha mashgʻulotlarda qatnashish salohiyatini hisobga olish;
- raqobat va musobaqa shaklidagi faoliyatga keng jalb etish, kutilmagan, noanʼanaviy topshiriqlar berish;
- turli toifadagi topshiriqlarni almashtirib, aralashtirib berish usulidan foydalanish.
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)