- "Ukangni maktabga tashlab kel," dedilar onam.

"Iya, 6-sinf bolaku. Maktab yaqin boʻlsa, mashina yoʻl boʻlmasa, oʻzi ketsa boʻlmaydimi?"

"6-sinfimda men undan 10 barobar uzoq joyga oʻzim borardimku, ona?"

- "Yoʻq, hozir zamon boshqa!"

Bu kabi suhbatlar doimo bir xil javob bilan tugardi:

"Hozir zamon notinch! Hozir boshqa zamon!"

Haqiqatan ham, shundaymi?

"Thinking, Fast and Slow" kitobida "mavjudlik evristikasi" (availability heuristic) degan maʼlumotga koʻzim tushdi:

Mavjudlik evristikasi — eslash oson boʻlgan maʼlumotlar orqali xulosa chiqarish.

Yaʼni, miyamiz katta maʼlumotlarni tahlil qilishga erinadi va eng oson, koʻzga koʻringan, hissiyotga boy maʼlumotlarni oladi. Shularga asoslanib xato xulosa chiqaradi.

Misol: Televizorda samolyot avariyasi haqida eshitdingiz. Shundan soʻng, miyangiz samolyot — oʻta xavfli transport deb oʻylaydi.

Nega?

Chunki bu maʼlumot hissiyotga boy, eslash oson va yaqinda eshitilgan.

Aslidachi?

NSS bergan statistikaga koʻra, samolyot mashinadan 100 barobar, avtobusdan esa 8 barobar xavfsizdir.

Ikkinchi misol: Akulalar haqida koʻp kino koʻrish dengizdan qoʻrqishga sabab boʻladi.

Statistika esa buni qanday koʻrsatadi?

Akula hujumidan koʻra boshga kokos tushib oʻlib ketish ehtimoli 20 barobar koʻproq.

Ha, endi tushundim:

Nega ota-onalar bugun avvalgidan koʻra koʻproq qoʻrqqan va xavotirli.

Bunga sabab: Televizor va ommaviy axborot vositalari odamlarni qoʻrqitish uchun turli «vahima» xabarlarini tarqatadi.

Ayniqsa bizning kanallar — "Vahima solish 2025" tanlovida yuqori oʻrinlarga chiqishsa ajab emas..

Endi mening vahimamni eshiting:

Vahimalarga quloq solaverish bizni oʻta ehtiyotkor qilib qoʻyadi — "uni qilma, buni qilma, daraxtga chiqma, qum oʻynama, u yerga borma, uyda jim oʻtir!"

Bola qiyinchilik koʻrmaydi. Energiyasi soʻnadi. Erkakligini toʻliq rivojlantira olmaydi.

Ibn Xaldun mamlakat tanazzulga uchrashida shaharda oʻsgan erkaklarning oʻrnini aytib oʻtadi:

"Sahro yoki qishloq bolalari ogʻir sharoitda, kurashda, ehtiyoj ichida ulgʻaygani uchun jasur boʻladi. Shaharliklar esa farovonlik va yumshoqlikda ulgʻayganligi sababli, ularda dovyuraklik kam boʻladi, qoʻrqoqlik ustun boʻladi."

Yaʼni, ortiqcha taqiqlar bilan oʻsgan bolalar zaiflashadi, oʻziga ishonchsizlik rivojlanadi.

Jangovar muhit, qiyinchiliksiz oʻsgan bolalar psixologik jihatdan zaif va qoʻrqoq boʻladi.

Ibn Xaldunning nazariyasiga koʻra, sahro yoki qishloq bolalari kelajakda oʻlkani bosib oladi, davlatni egallaydi.

Xulosa qilib aytganda,

1. Vahimalarga tayanib xulosa chiqarmang.

2. Ushbu xulosalarga tayanib bolalarga koʻp taqiq qoʻymang.

P.S: Vahima qilinayotgan muammolar yoʻq demoqchi emasman. Bor, boʻlgan va boʻladi.

Aytmoqchi boʻlganim — vahimaga tushib, bolalarga ortiqcha taqiq qoʻymang.